Azamat Jo'ramurodov: «Jarrohlik amaliyotini Germaniyada emas, Toshkentda qildirib, katta xato qilgandim»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 259
Surxondaryo futbolining yana bir afsonalaridan biri futbolchilik faoliyatining asosiy qismini Farg'onaning «Neftchi» jamoasida o'tkazgan, tajribali futbolchi Azamat Jo'ramurodov bilan suhbat uyushtirdik.
— Futbolchilik faoliyatingizni qachon boshlagansiz?
— Men futbolchilik faoliyatimni 5 yoshimda boshlaganman. Maktabda o'qib yurganimda R.Rajamahmudov meni futbol maktab internatiga taklif qilgan va o'sha erda futbolchilik faolyatimni boshlaganman. Ungacha asosan ko'chada doimiy futbol o'ynab yurardim.
— «Neftchi» jamoasiga sizni kim taklif qilgan?
— «Neftchi» o'sha vaqtdagi O'zbekistonning eng kuchli klublaridan biri edi.Har bir futbolchi u erda to'p surishni orzu qilardi. «Surxon» jamoasida o'ynab yurgan paytlarim Yuriy Vazgenievich Sarkisiyan meni «Neftchi» jamoasiga taklif qilgan. Yuriy Vazgenevich surxondaryolik futbolchilarga ko'p e'tibor qilardi. Hozirgi kunda Sarkisyanga o'xshagan surxondaryolik futbolchilarga e'tibor qiladigan murabbiy bo'lmayotgani sabab, surxondaryolik yoshlar kam etishib chiqayotgandir. Biz bilgan Abdumajit Toirov, Masud Toirov, G'ayrat Omanmuratov va bir qator futbolchilarni aynan «Neftchi» da Yuriy Vazgenievich davrida yorqin porlaganini ko'rganmiz.
— Jarohat sabab futbolni tark etdingiz. Jaroxatingiz shunchalik jiddiymidi? Davolashga harakat qilmadingizmi?
— Jarohatim sabab, futbolchilik faoliyatimni erta yakunladim. «Neftchi»da o'ynab yurgan paytlarim tizzamdan jiddiy jaroxat oldim. Dastlab, ko'pchilik futbolchida bo'lgani kabi men ham tezda tuzalib safga qaytaman deb o'ylardim. Mening qilgan eng katta xatoim jarrohlik amaliyotini xorijda aniqroq qilib aytadigan bo'lsak Germaniyada emas, Toshkentda qildirdim. Ko'pchilik o'zimizda ham tibbiyot rivojlanganligini Germaniyaga borish shart emasligini aytishdi. Toshkentda operatsiya qildirdim. Futbolga tezroq qaytishni istadim. Afsuski, jarrohlik operatsiyadan so'ng, futbolga qayta olmasligim ma'lum bo'ldi. Siqildim. Albatta bu juda og'ir edi. Tasavvur qilayabsizmi, boshqa futbol o'ynamaslik. Taqdir ekan.
— Bugunda kunda «Surxon» U-18 jamoasida murabbiy bo'lib ishlab kelyapsiz. Murabbiylikning mas'ulyati qanchalar og'ir?
— Albatta murabbiy bo'lishning o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Futbolchilik faoliyatimni yakunlagan bo'lsam ham futbolni tark eta olmadim.
— «Neftchi»da o'ynab yurgan paytlaringiz Toshkent grand klublaridan ham taklif bo'lganmi?
— Ha bo'lgan. O'sha paytdagi O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov tomonidan qiziqish bo'lgan. Lekin men «Neftchi» jamoada qolishni xohladim. Chunki, «Neftchi»da barcha sharoitlar yaratilgan edi va u jamoada o'zimni bahtiyor his qilardim.
— Yuriy Sarkisiyanni qattiq qo'l murabbiy deb eshitganmiz. Sarkisiyanni xarakteri siz o'ynagan paytlari qanday edi?
— Yuriy Vazgenievichni qattiq qo'l murabbiy demagan bo'lar edim. Lekin tartib-intizomni yaxshi ko'radigan murabbiy hisoblanadi. Futbolchilarni tushunardi. Yuriy Vazgenievich mashg'ulotlarda shunaqa hangomalarni aytib berar ediki, kun davomida ko'tarinki kayfiyat sizni tark etmas edi. Ko'pchilik Vazgenievichni hangomalari bilan ham yaxshi taniydi. Qisqa qilib, bir so'z bilan aytganda Vazgenievich — OLIJANOB inson!
— Yaqinda Superliga U-18 uchinchi turida «Nasaf» yoshlariga qarshi bahs olib bordilaringiz. Aytingchi «Nasaf» yoshlarining «Surxon» yoshlaridan ustunligi nimada?
— Menimcha, futbolchilarga ozroq tajriba etishmadi. «Nasaf» yoshlari bilan «Surxon» yoshlari o'rtasida katta farqni ko'rmadim. Ba'zi joylarda xatolarimiz bor. Shu xatolar ustida ishlaymiz.
— Kelajakdagi orzularingiz?
— Kelajakdagi eng katta orzuim: «shogirdlarim o'yinini O'zbekiston terma jamoasi safida ko'rish». Shu yo'lda tinimsiz kecha-yu kunduz mehnat qilamiz.