«Gvardiolani xafa qilgandim» — Bernardu Silva nima uchun «Manchester Siti» sardorligidan bosh tortmoqchi bo'lganini aytdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 7

«Manchester Siti» yarim himoyachisi Bernardu Silva o'tgan yili jamoa sardori etib tayinlanganida, dastlab bu mas'uliyatni bo'yniga olishni istamaganini tan oldi. Portugaliyalik futbolchi o'tgan mavsumda Kevin de Bryuyne klubni tark etganidan so'ng sardorlik bog'ichiga ega bo'lgan edi. Shu yilning yozida esa Bernarduning o'zi ham shartnomasini uzaytirmasdan «shaharliklar» safini tark etadi.
«Boshida aytgan gaplarim bilan Gvardiolaning dilini xira qilgandim. Unga: «Mening qarorimni bilasiz — bir yildan keyin jamoadan ketaman. Klubda uzoqroq qoladigan va jamoani uzoq muddat sardor sifatida boshlay oladigan yigitlardan birini tanlasangiz, klub uchun yaxshiroq bo'lardi», degandim.
Keyin biz yana gaplashib oldik. Pep o'z fikrida qat'iy turdi va yakunda meni ko'ndira oldi. Bundan juda faxrlandim, ammo baribir klub uchun bu erda yana kamida 3-4 yoki 5 yil o'ynaydigan inson sardor bo'lgani to'g'riroq bo'lardi, deb hisoblagandim», — deya 31 yoshli xavbekning so'zlarini keltirmoqda jurnalist Jek Gagan.
Ma'lumot uchun, Bernardu Silva 2017 yildan buyon «Manchester Siti» sharafini himoya qilib kelmoqda va jamoa bilan ko'plab sovrinlarni, jumladan, Chempionlar ligasi va APL oltin medallarini qo'lga kiritgan.

Bosh sahifaga
461