Evro-2020ning ko'chirilishidan mamnun futbolchilar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 310

Evropa chempionatining keyingi yilga qoldirilganidan xabaringiz bor. UEFA tomonidan qabul qilingan qaror muxlislarni ranjitgani rost, biroq bugungi ro'yxatimizdagi futbolchilar bundan mustasno…
Nikola Zaniola

“Roma”ning yangi yulduzi yanvaroyida “Yuventus”ga qarshi uchrashuvda oyoq suyaklarini sindirib olgan edi. Doktor Mariane tomonidan “Villa Styuart” klinikasida jarrohlik stoliga yotgan futbolchi hozirda tiklanish bilan band. Aslida uning jarohatdan to'liq forig' bo'lishi uchun yana kamida 5-6 oy kerakligi bois, Italiya bilan Evroga bormasligi aniq bo'lib ulgurgan edi. Voqealarning bunday ko'rinish olishi futbolchi uchun ikkinchi imkoniyatni taqdim etmoqda. Endilikda futbolchi nafaqat Evro, balki A seriyaning hal qiluvchi turlarida ham maydonga tushish imkoniyatiga ega.
Usmon Dembele

Umuman olganda,Dembelening “Barselona”dagi ishlari sira yurishmayapti. Frantsiya terma jamoasi bilan JCh g'olibligini qo'lga kiritgan futbolchi top darajada ekanligiga hech kimda shubha yo'q. Xatto frantsuz muxlislari uning jarohatlar bilan o'ralashib qolganida Kataloniya klubini ham ayblashgacha borishdi. Fevraloyida futbolchinining tizzasi Finlyandiyada operatsiya qilindi. Uning yana futbolga qaytishi bahorning so'nggi kunlariga to'g'ri kelgani bois, “Barselona” Martin Breytueytni xarid qildi. Endilikda, Usmon tiklanish va yana sport formasini qaytarish bilan ovora. To'g'risi, bu uning karerasidagi eng omadli pauza bo'ldi. Bundan oqilona foydalanish zarur.
Eden Azar

Fevral oyining so'nggi kunlarida “Real Madrid” “Levante”ga qarshi maydonga tushdi va qimmatli ochkolardan ayrildi. Bu ham etmaganidek, jamoning eng qimmat futbolchisi – Eden Azar ham jiddiy jarohat bilan uchrashuvni erta tugatdi. Shifokorlar Eden uchun mavsum yakunlanganini e'lon qilishmagan bo'lsa-da, futbolchi bu mavsumda o'z formasini tiklab olishga ulgurmasligi aniq edi. AQShda muvaffaqiyatli operatsiya qilingan futbolchi formasini tiklay olmasa ham Evroda qatnashishi mumkin edi, biroq endi unda hal qiluvchi musobaqaga o'zining eng yaxshi formasida borish imkoniyati paydo bo'ldi.
Xarri Keyn

Keynsiz qolgan “Tottenhem” juda ojizlanib qolgani bor gap. Angliya terma jamoasida ham bugungi kunda Keyndan kuchliroq hujumchi yo'qligini barcha yaxshi anglab turibdi. Shu sababli, ushbu futbolchining safga qaytishiga imkon bergani uchun inglizlar Evro-2020ning qoldirilganidan sira ranjishmadi. Shu o'rinda Xarrining mehnatsevarligini ham alohida qayd etib o'tish joiz. Futbolchi allaqachon to'p bilan ishlashni boshlab yuborgan. Aytishlaricha,u apreloyida to'liq jarohatidan forig' bo'ladi. Musobaqaning qoldirilishi esa, uning o'z formasini tiklab olishi uchun juda yaxshi imkoniyat ekanligi haqiqat.
Markus Reshford

Angliya terma jamoasi uchun muhim bo'lgan yana bir kerakli kadr. Markusning Evroni o'tkazib yuborishi ma'lum bo'lgach, inglizlar Jeymi Vardini terma jamoaga qaytarish ishlarini boshlab yuborishgan edi. 2018-yilda terma jamoadagi faoliyatini yakunlagan Vardini bezovta qilishning hojati yo'q. Reshford 2021-yilga qadar barcha jarohatlaridan qutilishi aniq.
Memfis Depay

Ijtimoiy tarmoqlarda juda mashhur bo'lgan futbolchining Gollandiya terma jamoasi uchun qanchalar muhim figura ekanligidan xabaringiz bor. Butun boshli qanotga javob beruvchi futbolchi Evropa chempionatidan quruq qolishi haqidagi xabar “lolalar yurti” muxlislarini xafa qilgan edi, biroq qit'a birinchiligi kelasi yilga qoldirildi. Endilikda, Depay nafaqat jarohatdan qutilishi, balki o'zining eng yaxshi sport formasiga kirib olishi uchun ham etarlicha vaqt mavjud.
Jenk Tosun

“Everton”dan “qochib ketgan” turk “Kristal Pelas” safida debyut uchrashuvidayoq gol urishga muvaffaq bo'lgan edi. Afsuski, u keyin yana jarohat oldi. Yakunda baribir yana “Liverpul”shaxriga qaytib keldi va jarrohlik stoliga yotdi. Shu o'rinda,uning Turkiya terma jamoasi uchun juda muhim futbolchi ekanligini aytib o'tish joiz. Yangilangan va yoshartirilgan jamoada Tosun etakchilik qilishi ko'zda tutilgan edi. Yaxshiyamki,musobaqa kelasi yili o'tkaziladi. Aks holda, Turkiya Evropa chempionatini chinakam etakchi futbolchisisiz o'tkazishi to'g'ri kelgan bo'lar edi.
Jo Allen

Uelslik yarim himoyachi yodingizdami? Ayni damda Chempionshipda “javlon urayotgan” bo'lishiga qaramay, Uels terma jamoasining asosiy futbolchilaridan biri sanaladi. O'tgan oyda boldir suyagini sindirib olgach, yarim himoyachining Evroni o'tkazib yuborishi aniq bo'lib ulgurgan edi. Bugunga kelib unda Evropa birinchiligida ishtirok etish uchun Beyldan ko'ra yaxshiroq imkoniyat mavjud.
Manba: Stadion.uz
Bosh sahifaga
220