Sergeev va Hamrobekov «Paxtakor»ga o'tadimi? Tojiev javob berdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2600

O'zbekiston Superligasining 3-turidan o'rin olgan “Paxtakor” – “Navbahor” (0:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob berdi.
“Sherlar” ustozi odatdagidek, o'z so'zini uchrashuv haqidagi fikrlari bilan boshladi.
— O'yinni yaxshi boshlay olmadik. Balki maydonni tozalash kerakligi uchun ko'p kutib qolib ketgandirmiz. Ikkinchi bo'limda o'zimizga ikkita gol olib keldik. Yigitlarni tanimadim, ertaga buni tahlil qilib chiqamiz va xulosalar chiqaramiz.
— Bugungi mag'lubiyatdan so'ng, Superkubok finalidagi imkoniyatlar pasayib ketmaydimi?
— Yo'q. Final bitta o'yindan iborat. Bilmayman, bugun bizga nima bo'ldi? Barchasini tahlil qilamiz.
— Dastlabki ikki turda Hamdamov va Pajishekni zaxiradan maydonga tushirgan edingiz. Bugun esa polshalik hujumchini asosiy tarkibda ko'rdik. Ushbu qaror o'zini qanchalik oqladi?
— Bugun butun jamoa yaxshi o'ynay olmadi. Nima bo'lganini bilmayman, ochig'i. Shuning uchun tahlil qilib chiqamiz ,deb aytyapman.
— “Paxtakor” bugun raqibdan o'yinning barcha jabhalarida ortda qolganini tan olasizmi? Balki qaysidir jihatlar bo'yicha jamoangiz yaxshiroq bo'lgandir?
— Barcha aspektlarda demagan bo'lardim. O'zimizga yo'q joydan ikkita gol olib keldik. Nega penalti olib kelganimizni bilmayman. Boshqa ko'zga ko'rinarli vaziyat bo'lmadi.
— Sergeev va Hamrobekovni “Paxtakor”da ko'rishimiz mumkinmi? Agar FIFA ruxsat bersa?
— Ko'ramiz. Birinchi navbatda FIFA bunday imkoniyatni taqdim etishi kerak. Shundan so'ng muzokara olib boramiz.
— Penalti belgilanishidan oldin ham Ibragimov qoida buzgan edi. 11 metrlik jarima zarbasi ham uning xatosi tufayli belgilandi. Ibragimovni zaxiraga olishga kechikdim deb o'ylaysizmi? U bugungi o'yinda biroz asabiylashib ketgandek tuyuldi...
— Ibragimov biroz asabiy o'yinchi. Bu futbol. Ko'rib chiqamiz va nima ro'y berganini bilib olamiz. Uni oldinroq zaxiraga olmoqchi edim.
— Noqulay ob-havo sharoiti jamoangiz o'yiniga qanchalik ta'sir qildi?
— Ob-havo ikki jamoa uchun ham bir xil edi.
— Timur Kapadze hozirgina ushbu uchrashuvga juda jiddiy yondashgani haqida aytib o'tdi. “Paxtakor”ning bugungi mag'lubiyatida murabbiylarning shtabi qanchalik aybdor? Raqib jamoa murabbiylar shtabi aynan bugungi uchrashuvda o'ta jiddiy tayyorgarlik ko'rgan ekan...
— Bunga javobni uchrashuvni tahlil qilib bo'lganimizdan so'ng bilib olamiz.
— Ikkinchi bo'limning startida urilgan gol o'yinga qanchalik ta'sir qildi?
— Birinchi daqiqadayoq o'z darvozamizdan to'p o'tkazib yubordik.
— Hakamlarning ishiga baho berib o'tsangiz?
— Bu haqda gapirmayman.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

Bosh sahifaga
255