Boks. Bahodir Jalolov finalga chiqdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 509

Iordaniyaning Amman shahrida boks bo'yicha Osiyo/Okeaniya mintaqalari uchun o'tkazilayotgan litsenzion musobaqaning yarim final bosqichi doirasidagi janglar yakunlandi.
Eng og'ir vazndagi bokschimiz Bahodir Jalolov (91+ kg.) final yo'llanmasi uchun hindistonlik Kumar Satishga qarshi ringga ko'tarildi. Ushbu vaznda jahon chempioni hisoblangan vatandoshimiz raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. U hattoki kuchni tejagan holda xotirjamlik bilan jang olib bordi. Bahodir uchinchi bo'limda biroz faollikni oshirishi oqibatida hind bokschisi bir marta nokdaunga tushdi. Hakamlarning yakuniy bahosi — 5:0 (30:26, 30:27, 30:27, 30:27, 30:27).
Jalolov finalda avstraliyalik Jastis Xaniga qarshi jang olib boradi. Ushbu vaznda hamyurtimizning asosiy raqibi hisoblangan qozog'istonlik Qamshibek Qo'nqabaev jarohati tufayli yarim finalda ishtirok etmadi.
Shu tariqa, Ammandagi turnir finaliga O'zbekistonning 3 nafar sportchisi yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Ertaga bo'ladigan chempionlik janglarida Mirazizbek Mirzaxalilov (57 kg.), Elnur Abduraimov (63 kg.) va Bahodir Jalolov ringga ko'tarilishadi. Uch bokschimiz esa bugun imkoniyatni boy berib, bronza medali bilan yakunlanishdi.

Bosh sahifaga
240