Turkiya Superligasi. Fayzullaev assist qayd etgan bahsda “Bashakshehir” muhim g'alabani qo'lga kiritdi (videosharh)
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1264

Turkiya Superligasining 25-turidan o'rin olgan “Bashakshehir” — “Gyoztepe” uchrashuvi yakunlandi. 7 mart kuni Istanbulda o'tgan bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g'alaba qozondi.
O'yinda hisob 13-daqiqada ochildi: Abbosbek Fayzullaevning uzatmasidan so'ng Omar Shahiner gol urdi. Birinchi bo'lim yakunlanishi arafasida “Gyoztepe” yarim himoyachisi Aleksis Antunesh muvozanatni tikladi.
Ikkinchi bo'limning 62-daqiqasida Yusuf Sarining pasini Ivan Brnich golga aylantirib, “Bashakshehir”ni yana hisobda oldinga olib chiqdi. O'yinning qolgan daqiqalari ham keskin kurashlar ostida o'tdi, ammo tablodagi hisob boshqa o'zgarmadi.
“Bashakshehir” tarkibidagi o'zbekistonlik futbolchilar — Abbosbek Fayzullaev va Eldor Shomurodov bahsni asosiy tarkibda boshladi. Fayzullaev 46-daqiqada zaxiraga olingan bo'lsa, Shomurodov uchrashuv yakuniga qadar maydonda harakat qildi.
Ushbu g'alabadan keyin Nuri Shahin shogirdlari 42 ochko bilan 5-o'ringa ko'tarildi. Xuddi shuncha ochkosi bor “Gyoztepe” esa 6-pog'onani egallab turibdi.
Turkiya Superligasi, 25-tur
“Bashakshehir” — “Gyoztepe” 2:1
Gollar: 1:0 — Shahiner (13), 1:1 — Aleksis (39), 2:1 — Brnich (62)

Bosh sahifaga
241