Evgeniy Valitskiyni tabriklaymiz!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 12449

Bugun o'zbek futboli uchun katta hajmda ish bajargan inson Evgeniy Valikiy 90 yoshga to'ldi.
Evgeniy Borisovich turli yillarda o'zbek futboliga ko'plab iste'dodlarni tayyorlab bergan.
Evgeniy Valitskiy futbolchilik faoliyatini Toshkentning “Spartak”, “Trud” jamoalarida o'tkazgan. 1961 yildan boshlab esa murabbiylik sohasida xizmat qilib kelgan. Toshkentning SKA, “Sokol” jamoalarida tajribasini boyitdi. Aynan “Sokol” jamoasi bilan Qurolli Kuchlar kubogini qo'lga kiritgach, 1963 yilgi mavsumning “Paxtakor” stadionidagi ochilish uchrashuvida 60000 tomoshabin ko'z o'ngida Evgeniy Valitskiyga “O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan murabbiy” faxriy unvoni topshirilgan.
Evgeniy Borisovichning sa'yi harakatlari bilan “Neftyanik” (Farg'ona), “Narimanovets” (Xorazm), “Sohibkor” (Halqabod) jamoalari sobiq Ittifoq birinchiliklarida o'z o'rni, mavqeiga ega bo'lgan. Juda ko'plab shogirdlar etishtirdi. Ular orasida o'z jamoalariga sadoqat ko'rsatgan Yuriy Sarkisyan, Rustam Mirsodiqov singari mutaxassislar bor.
Valitskiy klublardagi murabbiylik faoliyati bo'yicha ham aytishga arzigulik yutuqlarga erishgan. 1999 yili Toshkent viloyatining “Do'stlik” jamoasi bilan O'zbekiston chempioni bo'lgan. Sobiq ittifoq yillarida “Paxtakor” va “Neftyanik” klublarida muvaffaqiyatli ishlagan.
Turli yillarda u “Paxtakor” (Toshkent), “Spartak” (Andijon), “Spartak” (Qozog'iston), ”Neftyanik” (Farg'ona), ”Lada” (Tolyatti), ”Navro'z” (Andijon), “Do'stlik” (Toshkent viloyati) klublarida murabbiylik qilgan. Gennadiy Krasnitskiy, Stadnik, Birodar Abduraimov, Yuriy Pshenichnikov, Ahrol Inoyatov singari afsonalarni o'zbek futboliga etkazib bergan inson aynan Evgeniy Borisovich hisoblanadi. "Paxtakor" futbol klubi 90 yoshga to'lishi munosabati bilan Evgeniy Valitskiyni tabriklaydi va uning klubimiz, o'zbek futboli rivojiga qo'shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiradi.

Bosh sahifaga
224