“Manchester Yunayted” futbolchisi 15 oylik shartli qamoq jazosiga hukm qilindi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 45464

Gretsiya sudi Angliyaning “Manchester Yunayted” klubi futbolchisi Harri Maguayrni 2020 yil avgust oyida oilaviy ta'til vaqtida mahalliy barlardan birida yuz bergan mushtlashuvda ishtirok etgani uchun 15 oylik shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Bu haqda Sky Sports telekanali xabar berdi.
Futbolchiga tan jarohati etkazish, hibsga olishga qarshilik ko'rsatish va pora berishga urinish ayblari qo'yilgan edi va u har uchala band bo'yicha aybdor deb topildi.
Hodisa Mikonos orolida sodir bo'lgan. U erda Maguayr va uning do'stlari mahalliy barlardan birida boshqa angliyaliklar bilan janjallashib ketgan. Politsiya etib kelganidan so'ng, ular huquq-tartibot xodimlariga qarshilik ko'rsatishga uringan. Oqibatda futbolchi va uning ikki nafar do'sti hibsga olinib, politsiya bo'limiga olib ketilgan.
Maguayrning 15 oylik shartli jazosi dastlabki 21 oylik muddatga qaraganda qisqartirilgan va engillashtirilgan bo'lsa-da, bu unga qo'yilgan ayblar bo'yicha ikkinchi hukm hisoblanadi.
“Qayta sud jarayoni to'rt marta qoldirildi — oxirgi marta 2025 yil oktyabr oyida “sud hujjatlari ingliz tiliga tarjima qilinmagani” sababli amalga oshmay qolgan edi”, deyiladi xabarda.
Sky Sports ma'lumotiga ko'ra, Maguayrning advokatlari ushbu hukm ustidan apellyatsiya beradi.
Harri Maguayr 32 yoshda. Angliya chempionatining joriy mavsumida himoyachi 15 ta o'yinda maydonga tushib, 1 ta gol urgan. U “Manchester Yunayted” tarkibida Angliya Kubogi va Angliya Liga Kubogini qo'lga kiritgan. 2021-yilda Maguayr Angliya terma jamoasi safida Evropa chempionati kumush medali sovrindori bo'lgan.

Bosh sahifaga
256