Xayrulla Hamidov maqolasi: «Baynalminal yigit va... klub»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 523

Bugun 9 mart va bu sanani boshqacha e'tibor bilan kutadigan futbolchi hamda klubga to'xtalib o'taman.
Yuriy Jorkaeff nomini bizning avlod juda yaxshi biladi. Frantsiya terma jamoasi hali grand bo'lmasidan oldin, Zidan atalmish dahoni kashf etmasidan oldin uchranglilarning ishongani biz hikoya qilayotgan arman o'g'loni edi.
Uning chiroyli o'yinlaridan 1996 yilgi Evro turnirida bahra olganmiz. Shuningdek, A seriyadagi yulduzli onlarini kuzatganmiz.
1968 yili tug'ilgan Yuriy bugun 52 yoshga kiradi. Murabbiylik sohasida ko'rinmayapti, qizig'i. Vaholanki, maydonda ancha aqlli harakatlari bilan ajralib turadigan uning avlodi bu masalada harakat qilib ko'rishdi. Xususan, terma jamoadagi do'sti – Zidan.
Jorkaeff Frantsiyaning Lion shahrida tug'ilgan bo'lsa-da, arman xalqining an'analariga sadoqat ko'rsatib yashadi. Chunki ota tomonidan u arman, bobosi qalmiq elatiga aralash armanlardan. Onasining qonida polyak qoni ham bor. O'zi Frantsiya terma jamoasi a'zosi bo'lgan.
Uchranglilar tarkibida u 1998 yili jahon chempioni bo'ldi, ikki yil o'tgach qit'ani ham zabt etdi. Zidan soyasida biroz ko'rinmay ketgan bo'lsa hamki, baribir muhim o'yinchi bo'lib qola oldi.
Qonida bir necha millatning ulushi bo'lgan yigitning klub faoliyati ham qiziq: Jorkaeffning eng zo'r o'yinlarini “Internatsionale” klubida ko'rdik. Baynalmilallik shioriga aylangan jamoada porlayotgan baynalmilal yulduz...
Bugun Jorkaeff 52 bahorini nishonlayotgan bo'lsa, “Inter” klubiga asos solinganiga 112 yil to'ldi. 19-asrning oxirida paydo bo'lgan “Milan” klubida ikki armiya vujudga kelishi natijasida (bir tomon klubda faqat italyan futbolchilari o'ynashini, bir tomon boshqa millat vakillariga ham imkon berish kerakligini ilgari surib chiqishgan) ajralib chiqqan tomon “Inter”ga asos solganini ko'pchilik yaxshi biladi. Klubning kelib chiqishi ham shu masalaga oidligiga qarang-da endi;)
"Inter" Italiya A seriyasida hech qachon pastki ligaga tushib ketmagan yagona klub hisolanadi. Shuningdek, “neradzurra” Italiya klublari ichida bir yilning o'zida “oltin trebl” sohibi bo'lgan yagona jamoa.
Bizning vaqtimiz bilan bong 9 martga o'tgan oqshom “Inter” Turinda A seriya etakchisi “Yuventus”ga qarshi saflandi. Bayramga zo'r sovg'a ulasha olmadi jamoa, nachora...
Shunday bo'lsa ham, “Inter” muxlislari, sizni tabriklaymiz. Agar yosh avlod bo'lsangiz, Jorkaeffning gollaridan ham bahra olib qo'ying! Zotan bu libosda qanday daho yigitlar o'ynaganini bilib olasiz.
Yuriy Jorkaeffning "Inter" safida eng yaxshi 10ta golini quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Bosh sahifaga
439