Loftus-Chik jag'idan olgan jarohati sabab uzoq muddatga safdan chiqdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 453

«Milan» klubi yarim himoyachi Ruben Loftus-Chik taxminan 8 haftaga safdan chiqqanini e'lon qildi.
A Seriyaning 26-turidan o'rin olgan «Parma»ga qarshi o'yinning (0:1) 8-daqiqasida Loftus-Chik raqib darvozaboni Edoardo Korvi bilan to'qnashib ketdi. O'sha vaziyatda Korvi Aleksis Salemakers tomonidan jarima maydonchasiga uzatilgan to'pni mushtlari bilan urib yuborayotgan edi. To'qnashuvdan so'ng ingliz futbolchisi maydonga yiqilgan va bo'yin qismi fiksatsiya qilingan holda zambilda olib chiqib ketilgan. Keyinchalik Loftus-Chikning alveolyar suyagi singani ma'lum bo'ldi.
«Milan» xabariga ko'ra, Ruben Loftus-Chikning jag' qismidagi alveolyar suyagi (yuqori jag'ning tishlar joylashgan qismi) singan.
Bugun futbolchi muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Rubenning ahvoli yaxshi va u allaqachon shifoxonadan javob berilgan.
«Tiklanish uchun taxminan sakkiz hafta vaqt talab etilishi kutilmoqda», — deyiladi «rossoneri» bayonotida.

Bosh sahifaga
270