Evropaliklar AQShda o'tadigan Jahon chempionatiga borishdan qo'rqmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 324

Evropalik futbol ishqibozlari 2026-yilgi Jahon chempionati arafasida AQShdagi immigratsiya siyosati va politsiya reydlari tufayli jiddiy xavotir bildirmoqda.
Muxlislarning xavotiri fonida Evrokomissiyaning madaniyat, sport va yoshlar masalalari bo'yicha komissari Glenn Mikallef FIFA prezidenti Janni Infantinoga murojaat qildi. Mikallef xalqaro futbol tashkiloti rahbarini AQShdagi tashkilotchilar bilan muloqotda bo'lishga va evropalik muxlislar xavfsizligini kafolatlashga chaqirdi.
“Men Infantinoni tashkilotchilar bilan gaplashganda muxlislar xavfsizligini hisobga olishga undadim. AQShga boradigan har bir insonning xavfsizligini ta'minlash uchun FIFA va mezbonlar bilan doimiy muloqotda bo'lishimiz zarur”, deydi Glenn Mikallef.
O'z navbatida, AQSh Davlat departamenti vakili musobaqa xavfsizligi, sportchilar va muxlislar himoyasi mezbon tomon uchun eng ustuvor vazifa ekanini ta'kidladi. Turnir davomida tartibni saqlashga AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati xodimlari ham jalb qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o'tamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo'lib o'tadi. Ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan turnirning asosiy o'yinlariga AQSh mezbonlik qiladi.

Bosh sahifaga
405