«Dinamo» Kingsli Sarfo bo'yicha rasmiy bayonot berdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 15

Ijtimoiy tarmoqlarda «Dinamo» PFK futbolchisiga aylangan ganalik Kingsli Sarfo haqida turli mish-mishlar tarqatildi.
Klub bu borada rasmiy munosabat bildirib, quyidagilarni ma'lum qiladi:
"Klub ganalik 30 yoshli legioner Kingsli Sarfo bilan yanvar oyida bir yillik shartnoma imzoladi. Aksariyat manbalarning «Dinamo» ganalik yarimhimoyachini «sotib olgani, transfer qilgani» haqidagi gaplar asossiz. U jamoa safiga erkin agent sifatida kelib qo'shildi.
«Dinamo» PFK futbolchi bilan shartnoma imzolashdan avval uning sport karerasidagi faoliyati bilan tanishib, Sarfoning maydondagi harakatlarini tahlil qilib o'rgangan, jamoa o'yinini kuchaytirishi borasida xulosaga kelgach, so'ng shartnoma imzoladi. Klub uning qariyb 10 yil avvalgi o'tmishidan xabardor bo'lmagan.
Futbolchining tasdiqlashicha, bundan 9 yil avval – 2017 yil Shvetsiyadagi faoliyati davomida o'zi tanishgan qiz bilan yaqin munosabatda bo'lgach, Shvetsiya qonunchiligiga ko'ra, o'shanda qiz voyaga etgan deb hisoblanishiga yana bir yildan kamroq vaqt bo'lgan. Shu bois afrikalik futbolchining o'zaro rozilik asosidagi yaqinlashuvi Shvetsiyada omma e'tiboriga tushib, mamlakat qonunchiligiga ko'ra jinsiy zo'ravonlik sifatida malakalangan. Sud ishida Sarfo qizning voyaga etmaganidan xabari bo'lmaganini isbotlagach, u 32 oyga qamoq jazosi va jarimaga tortilgan, yakunda 1 yil-u, 10 oyda ozodlikka chiqarilgan. Ya'ni, u qilmishi uchun jazoni o'tagan. Shundan keyin u o'tgan 6 yil davomida Evropadagi faoliyati davomida «Olimpiakos», APOEL klublari safida muvaffaqiyatli faoliyat yuritdi, mamlakat chempioni bo'ldi, Evropa Chempionlar ligasi va evrokubok bahslarida maydonga tushgan. Kingsli hozirgacha o'z mamlakati Ganada xayriya ishlarida faollik ko'rsatmoqda. Sarfo bilan shartnoma imzolanganidan qariyb uch hafta o'tib, bu xabarlar ketma-ket tarqatilgani nega yoki kimga kerak bo'lgani sababi klub uchun mavhum.
Shu o'rinda, katta auditoriyaga ega rasmiy va norasmiy telegram kanallar, blogerlar va turli manbalarni – e'lon qilingan sarlavha, xabar va postlarda shaxs sha'ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar va harakatlar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko'ra javobgarlikka sabab bo'lishini unutmaslikni so'raymiz. Shu bilan birga maydon va uning tashqarisidagi halol kurash va shaffof raqobat printsipi asosida rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarilishga intilayotgan «Dinamo» PFKni salbiy bo'yoqda ko'rsatishga bo'lgan urinishlarni klub imijiga putur etkazish sifatida baholab, o'z haq-huquqini amaldagi qonunlarga ko'ra tegishli organlar orqali himoya qilishga tayyorligini bildiradi".

Bosh sahifaga
299