O'zbekiston dzyudo maktabi — dunyoning eng yaxshi maktabi sifatida e'tirof etildi!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 526

IJF Awards 2025 da erishilgan tarixiy g'alaba!
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda sportni rivojlantirishga qaratilgan e'tibor, yoshlarimizning sog'lom turmush tarziga rioya qilgan holda sport bilan faol tarzda shug'ullanishlari xalqaro miqyosda ham munosib e'tirof etilmoqda.
Parij shahrida bo'lib o'tgan nufuzli IJF Judo Awards marosimida O'zbekiston Dzyudo federatsiyasi loyihasi «Judo for Children Project of the Year» — «Yilning eng yaxshi bolalar loyihasi» nominatsiyasida rasman g'olib deb topildi!
Bu shunchaki mukofot emas — bu kelajak chempionlarini tarbiyalash yo'lidagi ulkan mehnat va tizimli yondashuvning e'tirofidir.
Mukofotni sahnada olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova qabul qilib oldi. Tantanali marosimda O'zbekiston Dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchiligidagi rasmiy delegatsiya ham ishtirok etdi.
Diyora Keldiyorovning Parijdagi tarixiy g'alabasi bugun davlat miqyosidagi sport tizimi uchun mustahkam poydevorga aylandi.
Respublikamiz bo'ylab o'nlab yangi dzyudo zallari ochildi, jumladan Toshkent shahridagi 17-maktabda Diyora nomidagi dzyudo «DoJo»si ham faoliyat boshladi. Shaxsiy yutuq — milliy rivojlanish dasturiga aylandi.
IJF tomonidan e'tirof etilgan «Maktablarda dzyudo» dasturi nafaqat poytaxtda, balki respublikaning barcha hududlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. O'zbekiston sportni ta'lim tizimiga samarali integratsiya qilish bo'yicha xalqaro hamjamiyatga namuna ko'rsatdi.
Loyiha qizlarni dzyudoga faol jalb etish borasida ham eng yuqori bahoga sazovor bo'ldi. Yaratilgan sharoitlar va Diyora Keldiyorovning shaxsiy namunasi tufayli yosh dzyudochi qizlar soni bir necha barobar oshdi. Bu esa Xalqaro dzyudo federatsiyasi e'tirofining muhim omiliga aylandi.
Ushbu g'alaba O'zbekistonning ommaviy dzyudoni rivojlantirishdagi jahon etakchisi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bosh sahifaga
214