Qishki Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston bayroqdori kim bo'ladi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 17

Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampezzo shaharlarida o'tkaziladigan 2026 yilgi qishki Olimpiya o'yinlari bugun, 6 fevral kuni start oladi.
Mazkur musobaqada O'zbekiston delegatsiyasi ikki nafar sportchi bilan uch yo'nalishda ishtirok etadi. Shuningdek, bugun qishki Olimpiya o'yinlarining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tadi. Unda short-trek bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi a'zosi Daniil Eybog delegatsiya bayroqdori vazifasini bajaradi.
Ochilish marosimi Toshkent vaqti bilan 7 fevralga o'tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston delegatsiyasi ushbu nufuzli musobaqa uchun jami 4 ta Olimpiya yo'llanmasini qo'lga kiritgan.
Qayd etilishicha, Dmitriy Chigirev va Ekaterina Geynish figurali uchishning juftlik bahslarida, Medet Nazarov tog' chang'isi sportining slalom va gigant-slalom yo'nalishlarida, Daniil Eybog esa short-trekning 500 metr masofasida Olimpiya litsenziyasiga ega bo'lgan.
Biroq tayyorgarlik jarayonida Dmitriy Chigirev jarohat olib, Olimpiya o'yinlariga qadar to'liq tiklana olmadi. Shu sababli O'zbekiston sportchilari Milan–Kortina–2026 musobaqalarida tog' chang'isi va short-trek yo'nalishlarida ishtirok etadi.
Eslatib o'tamiz, qishki Olimpiya o'yinlari 2026 yilning 6–22 fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d'Ampezzo shaharlarida bo'lib o'tadi.

Bosh sahifaga
219