FIFA prezidenti JCh–2026’ni boykot qilish chaqiriqlarini qoraladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 604

FIFA prezidenti Janni Infantino Evropaning ayrim siyosiy doiralarida AQSh prezidenti Donald Tramp siyosatiga norozilik sifatida 2026-yilgi Jahon chempionatini boykot qilish haqidagi chaqiriqlarni keskin tanqid qildi.
Infantinoning ta'kidlashicha, AQShda bo'lib o'tadigan mundial uchrashuvlarini boykot qilish muammoni hal qilmaydi, balki jamiyatda yanada ko'proq nafrat uyg'otadi:
“Men taqiqlar va boykotlarga qarshiman. Ular hech qanday foyda keltirmaydi, aksincha, nafratni kuchaytiradi. Kimdir Buyuk Britaniyadan AQSh bilan savdo qilishni to'xtatish kerakligini aytyaptimi? Bunday gapni eshitmadim. Unda nega futbol boykot qilinishi kerak? Bizga odamlar bir joyga to'planib, futbol atrofida birlashadigan lahzalar zarur”, dedi Infantino Britaniyaning Sky News telekanaliga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida 11 iyundan 19 iyulgacha o'tkaziladi. Yanvar oyida Germaniyada, AQSh prezidentining Grenlandiya bo'yicha bayonotlari va Evropa davlatlariga nisbatan bojlarni oshirilishi fonida mundialni boykot qilish chaqiriqlari yangragan edi.
Shuningdek, AQShdagi migratsiya siyosati va Minneapolis shahrida immigratsiya politsiyasi faoliyati bilan bog'liq voqealar millionlab muxlislarning xavfsizligi masalasida ham xavotirlarni kuchaytirgan. Yanvar oxirida FIFA sobiq prezidenti Zep Blatter ham Shveytsariyadagi mashhur korruptsiyaga qarshi advokatning “bu yozda AQShga bormaslik” haqidagi chaqirig'ini qo'llab-quvvatlagan edi.

Bosh sahifaga
321