Shveytsariya Olimpiya o'yinlariga mezbonlik qilishi mumkin
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 625

Shveytsariya 2038-yilda bo'lib o'tadigan qishki Olimpiya o'yinlarini qabul qilish uchun hozircha yagona nomzod bo'lib turibdi. Bu haqda Milanda o'tkazilgan Xalqaro Olimpiya qo'mitasi (XOQ) sessiyasida qishki Olimpiya o'yinlari mezbonini aniqlash bo'yicha komissiya raisi Karl Shtoss ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, Shveytsariyani 2038-yilgi qishki Olimpiya o'yinlari mezboni sifatida rasman tasdiqlash masalasi 2027 yil aprel oyida bo'lib o'tadigan XOQ sessiyasida ko'rib chiqilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Shveytsariya hukumati va parlamenti 2026 yil davomida Olimpiadani moliyalashtirish bo'yicha yakuniy kelishuvga erishishi lozim.
Shtossning ta'kidlashicha, agar hozirgi muzokaralar tashkiliy masalalar bo'yicha kelishuv bilan yakunlanmasa, XOQ o'yinlarga mezbonlik qilish istagini bildirgan boshqa davlatlar bilan ham muzokaralarni boshlashi mumkin.
2038-yilgi Olimpiya kontseptsiyasiga ko'ra, musobaqalar uchta klasterda o'tkaziladi. Ularning markazlari sifatida Lyutsern, Sankt-Morits va Lozanna shaharlari belgilangan.
Ma'lumot uchun, 2026-yilgi qishki Olimpiya o'yinlari 6–22 fevral kunlari Italiyada bo'lib o'tadi. 2030-yilgi o'yinlarga Frantsiya Alp tog'lari mezbonlik qiladi, 2034-yilgi qishki Olimpiya esa AQShning Solt-Leyk-Siti shahrida tashkil etiladi.

Bosh sahifaga
332