Frantsiya sport vaziri 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilish masalasi yuzasidan fikr bildirdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 20

Frantsiya sport vaziri Marina Ferrari 2026 yilgi Jahon chempionatini boykot qilish masalasida izoh berdi. Mazkur turnir 2026 yil yozida AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o'tkazilishi rejalashtirilgan.
“Hozirgi bosqichda vazirligimizning bu yirik musobaqani boykot qilish niyati yo'q. Albatta, kelajakda nima bo'lishini oldindan aytib bo'lmaydi. Men sport va musobaqalarni siyosatdan ajratish tarafdoriman, ammo ayrim siyosiy bloklar tomonidan boykot haqidagi fikrlar ham eshitildi. Jahon chempionati barcha sport ixlosmandlari uchun nihoyatda muhim voqea”, deya ta'kidladi Ferrari RMC Sport nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, avvalroq bir qator Evropa terma jamoalari 2026-yilgi Jahon chempionatini boykot qilishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya bo'yicha bayonotlari fonida aytildi. Jumladan Germaniya Bundestagidagi Xristian-demokratik va Xristian-sotsial ittifoqlar (XDI/XSI) fraksiyasining tashqi siyosat bo'yicha vakili Yurgen Xardt Jahon chempionatini boykot qilish ehtimolini so'nggi chora sifatida tilga olgandi.
Ma'lumot uchun, Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyunidan 19-iyuligacha davom etadi. Amaldagi chempioni Argentina terma jamoasi bo'lib, ular 2022 yilgi mundial finalida Frantsiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan. Uchrashuvning asosiy va qo'shimcha bo'limlari 3:3 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida esa Argentina terma jamoasi 4:2 hisobida ustun kelgan.

Bosh sahifaga
340