O'zbekiston va Indoneziya futzal federatsiyalari o'rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 803

Osiyo kubogi–2026 musobaqasi doirasida Jakartada bo'lib turgan O'zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov, O'zbekistonning Indoneziyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Oybek Eshonov hamda Indoneziya futzal federatsiyasi rahbari Maykl Viktor Sianipar o'rtasida uchrashuv o'tkazildi.
Muloqot davomida ikki mamlakat futzal federatsiyalari o'rtasida o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish, futzalni rivojlantirish bo'yicha ilg'or tajriba va an'analar bilan o'rtoqlashish masalalari muhokama qilindi. Xususan, murabbiylar malakasini oshirish, sohil futboli va bolalar futzali yo'nalishlarida hamkorlik qilish, shuningdek, milliy terma jamoalar va klublar o'rtasida o'rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish bo'yicha fikr almashildi.
Shuningdek, Bekzod Mamatqulov Indoneziya futzal federatsiyasi rahbariyati hamda mamlakat hukumatiga Osiyo kubogi musobaqasini yuqori saviyada tashkil etgani va ishtirokchilar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur muloqot har ikki federatsiya uchun manfaatli bo'lganini qayd etib, kelgusida hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Bosh sahifaga
349