«Neftchi» nazorat uchrashuvida Kosovo klubiga mag'lub bo'ldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 16

Turkiyaning Belek shahrida o'tkazilayotgan yig'in doirasida «Neftchi» navbatdagi nazorat uchrashuvini Kosovoning «Ferizay» jamoasiga qarshi o'tkazdi. Farg'onaliklar uchrashuv davomida maydonda ustunlikka ega bo'lganiga qaramay, jamoa minimal hisobda mag'lubiyatga uchradi — 1:2.
Uchrashuv boshlanishi bilan raqib jamoa faol harakat qildi va 4-daqiqada Yakob Berisha hisobni ochdi. Erta o'tkazib yuborilgan goldan so'ng «Neftchi» to'p nazoratini qo'lga oldi, hujumlar soni ortdi, biroq hal qiluvchi zarbalar samarasiz yakunlandi. 31-daqiqada esa «Ferizay» qarshi hujumdan foydalanib, Betim Xaxximusaning goli bilan ustunlikni ikki baravar oshirdi.
Ikkinchi bo'lim boshlanishidan oldin bosh murabbiy Islombek Ismoilov qator o'zgarishlarni amalga oshirdi. Bu qaror o'yin suratiga ijobiy ta'sir qildi. 51-daqiqada Abrop Ismoilov aniq zarba bilan hisobni qisqartirdi va jamoada kambek umidini uyg'otdi.
Shundan so'ng «Neftchi»ning hujumlari yanada tizimli va bosimli tus oldi. O'yin oxirigacha raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratildi, biroq hisobni tenglashtirishga biroz omad etishmadi. «Ferizay» esa asosan himoya va qarshi hujumlarga tayanib, g'alabali hisobni saqlab qoldi.
Shu tariqa, «Neftchi» hujumlarda faol o'yin namoyish etganiga qaramay, imkoniyatlardan to'liq foydalana olmadi va nazorat bahsini mag'lubiyat bilan yakunladi. Bu uchrashuv jamoa uchun yig'in davomida muhim xulosalar chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Nazorat o'yini. 31.01.2026 | 17:30
Turkiya, Belek shahri
«NEFTChI» (O'zbekiston) - «FERIZAY» (Kosovo) 1:2
Gollar: 4' Jakub Berisha(0:1) 31' Betim Hahximusa (0:2) 51ʼ Abror Ismoilov (1:2)
«Neftchi» 1-bo'lim: 45. Akbar To'raev, 2. Izzatillo Po'latov, 7. Abrop Ismoilov, 20. Anvarjon G'ofurov, 21. Muhsin Ubaydullaev, 34. Farrux Sayfiev, 77. Ratino, 23. Yovan Jokich, 8. Vladimir Yovovich, 10. Jamshid Iskandarov, 32. Zoran Marushich.
«Neftchi» 2-bo'lim: 45. Akbar To'raev, 8. Vladimir Yovovich, 11. Asilbek Jumaev, 14. Daler Tuxsanov, 20. Anvarjon G'ofurov, 21. Muhsin Ubaydullaev, 24. Rustambek Fomin, 70. Silvanus Nimeli, 18. Nurmuhammad Abdug'aniev, 34. Farrux Sayfiev, 23. Yovan Jokich.
Bosh murabbiy: Islombek Ismoilov

Bosh sahifaga
361