Shomurodov va Fayzullaevning “Rizespor”ga qarshi o'yini qanday baholandi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 23

“Bashakshehir” safida to'p surayotgan o'zbekistonlik futbolchilar — Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullaev Turkiya Superligasining 20-turi doirasida “Rizespor”ga qarshi bahsda maydonga tushdi (2:2). Shomurodov uchrashuvni to'liq o'tkazgan bo'lsa, Fayzullaev 63-daqiqada zaxiraga olindi.
Sofascore portali “Bashakshehir”ning birinchi goliga mualliflik qilgan Eldor Shomurodovning harakatlarini 7,3 ball bilan baholadi. Abbosbek Fayzullaev esa 6,7 ballga loyiq ko'rildi.
Shomurodov o'yin davomida 36 marta to'pga tegindi. U jami 25 ta uzatma amalga oshirgan bo'lib, shulardan 18 tasi aniq manzilga etib bordi (72 foiz). Shuningdek, Eldor “Rizespor” darvozasiga bir marta aniq zarba yo'lladi. Uning kutilgan gollar (xG) ko'rsatkichi 0,56ni tashkil etdi.
Abbosbek Fayzullaev uchrashuv davomida 33 marta to'pga tegindi. U 63 daqiqa ichida 18 ta uzatma amalga oshirib, ularning 16 tasi aniq manzilga etib bordi (89 foiz). Fayzullaev ikki marta zarba yo'lladi, ulardan bittasi darvozaga aniq etib bordi. Shuningdek, u maydonda 8 marta to'p uchun kurash olib borib, 4 holatda g'alaba qozondi. Unga nisbatan raqib futbolchilar ikki marta qoida buzdi.
73-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, “Bashakshehir”ning ikkinchi goliga golli uzatma bergan Yakub Kalizinski uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Sofascore polshalik futbolchining harakatlarini 7,9 ball bilan baholadi. Ikkinchi gol muallifi Bergyut Ozgyur esa 7,4 ballga loyiq ko'rildi.
Ma'lumot uchun, ayni paytda “Bashakshehir” Turkiya chempionatining 20-turidan so'ng 30 ochko bilan turnir jadvalida 6-o'rinni egallab turibdi. “Rizespor” esa 20 ochko bilan 11-o'rindan joy olgan.


Bosh sahifaga
308