Osiyo futzalini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 566

Bugun Indoneziya poytaxti Jakarta shahridagi FIFA qarorgohida Osiyo kubogi bahslarida ishtirok etayotgan 12 ta davlat futzal federatsiyalari vakillari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi.
Indoneziya futzal federatsiyasi rahbari Michel Vistor Tsianipar tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbir Osiyo futzalini rivojlantirish, klub va milliy jamoalar darajasida tajriba almashish hamda Osiyo Chempionlar ligasiga muqobil musobaqa tashkil etish masalalariga bag'ishlandi.
Yig'ilish avvalida FIFA vakili futzalni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar hamda moliyaviy qo'llab-quvvatlash yo'nalishlari haqida ma'lumot berdi. Eron va O'zbekiston vakillari Osiyo klublari o'rtasidagi Chempionlar ligasini tiklash taklifini ilgari surishdi. Afg'oniston tomoni esa mamlakatda futzal infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy sport zallari qurishda Osiyoning rivojlangan davlatlaridan ko'mak so'radi.
OFK 2027 yildan boshlab klublar o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi qayta tiklanishini va unda 8 ta jamoa ishtirok etishini ma'lum qildi. Mazkur masala hali qayta ko'rib chiqilishi va yanada takomillashtirilishi aytildi.
Yig'ilish yakunida ishtirokchi mamlakatlar futzal federatsiyalari o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Unda Osiyo futzalini barqaror rivojlantirish, boshqaruv tizimini kuchaytirish, musobaqalar soni va sifatini oshirish hamda futzal mutaxassislari salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan majburiyatlar belgilandi.

Bosh sahifaga
322