“U mening bolalarimdan biri” — Mourino Arbeloaning “Real” bosh murabbiyi bo'lib tayinlanishiga munosabat bildirdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 466

“Benfika” bosh murabbiyi Joze Mourino Alvaro Arbeloa Madridning “Real” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangani yuzasidan fikrlarini bildirdi. Mutaxassis bu haqda Chempionlar Ligasi 8-turidan o'rin olgan “Benfika” — “Real” uchrashuvi (28 yanvar) arafasida gapirdi.
“U mening bolalarimdan biri, sobiq shogirdim. Arbeloa mening eng sevimli futbolchilarimdan biri bo'lgan. U ‘Real’da to'p surgan eng yaxshi insonlardan edi. Uni bosim ostiga olish deyarli imkonsiz. Alvaro o'z ishiga aql bilan yondashadi. Umid qilamanki, u o'zi o'ylagan rejalarini amalga oshira oladi. Menimcha, Alvaro dunyoning istalgan jamoasini boshqara oladi. Men unga omad tilayman. Faqat ertangi kun bundan mustasno. Shundan keyin esa doim g'alaba qozonishini tilayman.
Murabbiy bo'lish juda murakkab ish, chunki har doim sendan ko'ra ko'proq bilaman, deb o'ylaydiganlar topiladi. Alvaroning safari endi boshlanmoqda. Unga bu yo'lda omad tilayman, deydi Mourino.
Ma'lumot o'rnida, Alvaro Arbeloa 2010–2013 yillar oralig'ida “Real” safida Joze Mourino qo'l ostida to'p surgan. Ushbu davrda madridliklar Ispaniya chempionati, Qirol kubogi va Ispaniya Superkubogini qo'lga kiritgan.
Eslatib o'tamiz, Arbeloa yaqinda “Real” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Mutaxassis bunga qadar o'rinbosarlar jamoasi — “Kastilya”da ishlab kelayotgan edi. U hozirga qadar klub ustozi sifatida 4 ta uchrashuv o'tkazib, 3 ta g'alaba va 1 mag'lubiyat qayd etgan.

Bosh sahifaga
215