Serxio Ramos “Sevilya”ni sotib olish bo'yicha kelishuvga erishdi — Cadena SER
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1081

Futbol bo'yicha Jahon va Evropa chempioni Serxio Ramos Five Eleven Capital xoldingi bilan birgalikda Ispaniyaning “Sevilya” klubini sotib olish bo'yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda Cadena SER nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, oy oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan bitimning umumiy qiymati 450 million evroni tashkil etadi. Hozirda Ramos va uning hamkorlari klubning moliyaviy hisobotlarini o'rganmoqda. Qayd etilishicha, “Sevilya” aktsiyadorlari taklifni ma'qullagan.
39 yoshli Serxio Ramos “Sevilya” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo'lib, asosiy jamoa safida 2004–2005 hamda 2023–2024 yillarda harakat qilgan. Uning oxirgi klubi Meksikaning “Monterrey” jamoasi hisoblanadi.
Ramos Madridning “Real” klubi tarkibida besh bor Ispaniya chempioni bo'lgan, ikki marta mamlakat kubogini qo'lga kiritgan. Shuningdek, u to'rt martadan Chempionlar Ligasi va Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatida g'olib chiqqan, uch marta UEFA Superkubogini yutgan. Ispaniya milliy terma jamoasi safida esa 2010-yilda Jahon chempioni, 2008 va 2012-yillarda esa Evropa chempioni unvonlariga sazovor bo'lgan.

Bosh sahifaga
396