“Chelsi” va “Arsenal” Arda Gyuler uchun kurashadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 37

Angliyaning “Arsenal” va “Chelsi” klublari “Real Madrid”ning 20 yoshli hujumkor yarim himoyachisi Arda Gyuler transferi uchun kurashda asosiy favoritlarga aylanish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Football Transfers xabar berdi.
Manbaga ko'ra, London klublari 2026 yilgi yozgi transferlar oynasi vaqtida turkiyalik yarim himoyachini 90 million evro evaziga sotib olishga urinib ko'rishi mumkin. “Real” Gyulerni sotishni rejalashtirmayapti, biroq “Arsenal” va “Chelsi” o'z takliflari “qirollik klubi” rahbariyati qarorini o'zgartirishga majbur qilishi mumkin, deb hisoblamoqda.
Joriy mavsumda Gyuler barcha musobaqalarda 31 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 11 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yoziga qadar mo'ljallangan. Transfermarkt portalidagi ma'lumotlarga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 90 million evroni tashkil etadi.
Avvalroq “Real Madrid” ketma-ket uchinchi yil futbol klublari orasida eng yuqori daromad ko'rsatkichiga ega jamoalar reytingida etakchi bo'lgani haqida xabar berilgandi.
“Real” 2024/2025 yilgi mavsumda 1,161 milliard evro daromad ko'rsatkichiga erishdi. Bu natija bilan madridliklar o'tgan mavsumdagi 1,046 milliard evrolik ko'rsatkichni ham yaxshilagan. Qayd etilishicha, “Real” bir mavsumda 1 milliard evrodan ortiq daromad topgan tarixdagi ilk futbol klubi bo'lib qolmoqda.
Shuningdek, reytingda “Arsenal” 821,7 million evrolik ko'rsatkich bilan 7-pog'onani egallagan. “Chelsi” esa 584,1 million evro bilan 10-o'rinda joylashgan.

Bosh sahifaga
333