Transfermarkt 2025 yilda transfer qiymati eng ko'p oshgan o'zbekistonlik futbolchilar reytingini e'lon qildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 624

Transfermarkt portali 2025 yil davomida transfer qiymati eng ko'p oshgan o'zbekistonlik futbolchilar ro'yxatini e'lon qildi.
Mazkur reytingni O'zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov boshqarib turibdi. Uning transfer qiymati 23 million evroga ortib, 35 million evroga etdi. So'nggi baholashda Husanovning narxi o'zgarishsiz qoldi.
Keyingi o'rinlardan O'zbekiston terma jamoasi hujumchilari — Turkiyaning “Bashakshehir” klubi a'zosi Eldor Shomurodov, Eronning “Persepolis” klubiga o'tgan Igor Sergeev hamda “Paxtakor” himoyachisi Hojiakbar Alijonov joy oldi.
Turkiya Superligasining amaldagi to'purari va O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning transfer qiymati 1 million evroga oshib, hozirda 5 million evroni tashkil etmoqda.
O'zbekiston Superligasining o'tgan mavsumdagi to'purari Igor Sergeev hamda musobaqaning eng chiroyli goli muallifi Hojiakbar Alijonovning transfer qiymati 2025 yilda 400 ming evroga ko'tarildi. Hozirda har ikki futbolchi 1,2 million evroga baholanmoqda.
Shuningdek, “Nasaf” klubi hujumchisi Husayn Norchaevning transfer qiymati ham 400 ming evroga oshgan.
Top-10 reytingdan, shuningdek, Ruslanbek Jiyanov, Umarali Rahmonaliev, Alisher Odilov, Sherzod Temirov va Nodirbek Abdurazzoqov ham o'rin olgan.
Eslatib o'tamiz, “Bashakshehir” klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullaev O'zbekistonning eng qimmat ikkinchi futbolchisi hisoblanadi — uning transfer qiymati 7 million evroni tashkil etadi. Biroq 2025 yil davomida Fayzullaevning transfer narxi oshmagan.

Bosh sahifaga
397