Muhsin Muhammadiev yurak xurujidan vafot etdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 550

Samarqandning “Dinamo” klubi sobiq futbolchisi, 2019—2020-yillar “Buxoro” klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan tojikistonlik mutaxassis Muhsin Muhammadiev 1 yanvar kuni og'ir xastalikdan keyin vafot etdi.
“Ha, bu bugun kechqurun sodir bo'ldi”, deya marhumning rafiqasi Mohira Muhammadievaning so'zlarini keltiradi TASS.
Ma'lumotlarga ko'ra, Muhammadiev 2025 yil fevral oyida “Vaxsh” klubining Turkiyadagi o'quv-mashg'ulot yig'ini chog'ida insult o'tkazgan. Shundan so'ng uni Moskvaga olib ketishadi va u erda yana bir necha bor xurujlar kuzatilgan.
2025 yil iyun oyida Muhamadiev Rossiya FMBA Federal miya va neyrotexnologiyalar markazining reanimatsiya bo'limiga og'ir ahvolda yotqizilib, sun'iy nafas olish apparatiga ulangan. Iyun oyi oxirida esa u yarim yil davomida bir necha marotaba insult o'tkazgani ma'lum bo'lgan. 2025 yil sentyabr oyida u shifoxonadan chiqarilgan bo'lsa-da, sog'lig'i bilan bog'liq muammolar saqlanib qolgan va davolanish jarayoni davom etgan. Muhsin Muhamadiev 2026 yil 1 yanvar kuni Moskvada, davolanayotgan klinikalardan birida vafot etdi.
Ma'lumot uchun, 1966 yil Dushanbeda tug'ilgan mutaxassis 2013–2015-yillarda Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi, 2016–2018-yillarda “Istiqlol”, 2019–2020-yillarda “Buxoro” klublarini boshqargan. Keyinchalik Qozog'istonning “Ordabasi” klubida murabbiy sifatida faoliyat yuritgan, “Istiqlol” klubining birinchi vitse-prezidenti, shuningdek, Tojikistonning “Vaxsh” klubida direktor lavozimida ishlagan.

Bosh sahifaga
555