FIDE Jahon chempionati. O'zbekistonlik shaxmatchilar qancha ishlab topdi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1616

Besh kun davomida Qatar poytaxti Doha shahri rapid va blits yo'nalishlaridagi FIDE Jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Nufuzli musobaqada dunyoning 70 dan ortiq davlati vakillari qatorida O'zbekiston terma jamoasining 15 nafar shaxmatchisi ham ishtirok etdi.
Blits yo'nalishida jahon chempionatining vitse-chempioniga aylangan Nodirbek Abdusattorov o'zbekistonlik shaxmatchilar orasida eng ko'p mukofot pulini qo'lga kiritdi. U blits bahslarida qo'lga kiritilgan ikkinchi o'rin uchun 50 ming evro, rapid musobaqasida egallagan 23-o'rni uchun esa 3 ming evro mukofot puli ishlab oldi. Shu tariqa Abdusattorovning umumiy daromadi 53 ming evroni tashkil etdi.
Ketma-ket uchinchi yil ham rapidda, ham blitsda jahon chempioni bo'lgan norvegiyalik Magnus Karlsen esa jami 140 ming evro mukofot puliga ega chiqdi. Har bir yo'nalishda chempionlik uchun 70 ming evrodan ajratilgan bo'lib, turnirdagi eng katta mukofot puli aynan Karlsen hissasiga to'g'ri keldi.
Jahon chempionatida Top-35 talikdan joy olgan shaxmatchilarga pul mukofotlari topshirildi. Erkaklar o'rtasida eng kam mukofot 1500 evroni, ayollar bahslarida esa 1000 evroni tashkil etdi. Ushbu mablag'lar mos ravishda erkaklar o'rtasida 26–55-o'rinlarni, ayollar orasida esa 16–20-o'rinlarni egallagan ishtirokchilarga berildi.
Ayollar o'rtasidagi blits bahslarida kuchli sakkizlikdan joy olgan Umida Omonova O'zbekiston ayollar shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi. Ushbu natija uchun Omonova 15 ming evro mukofot puliga sazovor bo'ldi. Shu bilan birga, u rapid bahslarida nisbatan omadsiz ishtirok etdi.
Javohir Sindarov esa Dohadagi Jahon chempionatidan jami 21 ming evro mukofot puli ishlab oldi. Uning 16 ming evrosi rapid bahslaridagi ishtiroki, 5 ming evrosi esa blits musobaqasidagi natijalari hissasiga to'g'ri keldi. Qolgan o'zbekistonlik shaxmatchilar egallagan o'rinlari mukofot puli uchun etarli bo'lmadi.

Bosh sahifaga
224