Futzal. O'zbekiston milliy terma jamoasi bugun Buxoroda yig'inni boshlaydi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 95

Dekabr oyidagi FIFA kunlaridan unumli foydalanish maqsadida O'zbekiston milliy terma jamoasi bugun qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahrida o'quv-mashg'ulot yig'inini boshlaydi.
Ushbu yig'in yanvar oyining so'nggi o'n kunligida Indoneziyada start oladigan Osiyo kubogi musobaqasi oldidan o'ziga xos ko'rik vazifasini o'tab beradi. Mashg'ulotlar 2024 yilgi Jahon chempionati o'yinlari munosabati bilan qurilib, foydalanishga topshirilgan «Universal» sport majmuasida bo'lib o'tadi.
Yig'in doirasida Nodir Eliboev shogirdlari jahonning kuchli jamoalaridan biri sanalgan Rossiya milliy terma jamoasiga qarshi ikkita xalqaro o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishni rejalashtirgan.
Afsuski, avvalroq e'lon qilingan milliy terma jamoaning kengaytirilgan tarkibida juz'iy o'zgarishlar amalga oshirildi. Bu mamlakat milliy chempionatining so'nggi tur uchrashuvlarida olingan jarohatlar bilan bog'liq. Xususan, terma jamoa shifokorlari ma'lum qilishicha, himoyachilar Mashrab Odilov va Shahzodjon Sa'dievlarning jarohatlari kutilganidan ancha jiddiy ekani aniqlangan. Ular to'liq tiklanishi uchun ko'proq vaqt talab etilishi sababli Osiyo kubogi final bosqichida ishtirok eta olmaydi.
Shuningdek, iste'dodli yarim himoyachi Muhammadali Xusanboev ham 6-turdan keyin terma jamoa murabbiylari ixtiyoriga jarohat bilan qaytdi. Bu holat milliy terma jamoa murabbiylar shtabi rejalariga jiddiy o'zgartirishlar kiritilishiga olib keldi. Endilikda himoya va hujum chiziqlarida o'zaro yaxshi tushunadigan futbolchilar bog'lanmalarini shakllantirish uchun ko'proq vaqt va amaliy mashg'ulotlar talab etiladi. Shu bois Nodir Eliboev Rossiya terma jamoasiga qarshi uchrashuvlarda yangi nomzodlardan iborat eksperimental tarkibni sinab ko'rishga majbur bo'ladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston — Rossiya milliy terma jamoalari o'rtasidagi xalqaro o'rtoqlik uchrashuvlari 19- va 21 dekabr kunlari bo'lib o'tadi. Uchrashuvlar soat 17:00 da start oladi. Ulardan birinchisi muxlislar uchun ochiq bo'ladi va O'zMTRKning «Futbol» telekanali orqali jonli efirda namoyish etiladi. Shuningdek, O'zbekiston futbol federatsiyasining rasmiy YouTube kanali orqali ham uchrashuvlarni to'g'ridan-to'g'ri tomosha qilish mumkin.
Buxorolik futbol ishqibozlari hamda qadimiy shahar mehmonlarini milliy terma jamoamizni qo'llab-quvvatlash uchun «Universal» sport majmuasiga - 19 dekabr sanasidagi o'yinga taklif etamiz. Tomoshabinlar uchun kirish mutlaqo bepul.
Rossiya terma jamoasiga qarshi o'tkaziladigan xalqaro o'rtoqlik uchrashuvlari uchun O'zbekiston terma jamoasi quyidagi futzalchilarni yig'inga chaqirdi:
O'zbekiston milliy terma jamoasi:
Darvozabonlar:
Shavkat Ibragimov (“Oil Star”)
Abbos O'lmasbekov (“BMB PFC”)
Abbos Elmurodov (“BMB PFC”)
Himoyachilar:
Ilhomjon Hamroev (“Oil Star”)
Anasxon Raxmatov («Nasaf»)
Sirojiddin Shokirov («Surxon»)
Qanot o'yinchilari:
Shahram Faxriddinov (OKMK)
Husanxon G'aniev («Bunyodkor»)
Xayrulla Solixov (OKMK)
Samariddin Berkinov ("Oil Star")
Qanot hujumchilari:
Elbek To'lqinov (“Oil Star”)
Abror Axmedzyanov (SQB)
Akbar Usmonov (SQB)
Ixtiyor Ropiev («Nasaf»)
Eldor Nig'matov («Lokomotiv»)
Burxoniddin Sodiqov («Lokomotiv»)
Hujumchilar:
Muzaffar Ahadjonov ("BMB PFC")
Davlat Ibragimov ("BMB PFC")

Bosh sahifaga
230