«Metallurg» Qozog'iston klubi bilan durang o'ynadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 369

Bugun Turkiyaning Antaliya shahrida yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rayotgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi uchinchi nazorat uchrashuvini o'tkazdi. Raqib Qozog'istonning “Qaysar” jamoasi bo'ldi.
Qiziqarli va murosasiz kurashlar ostida kechgan o'yinda jamoalar durangga imzo chekishdi. O'yin biri biriga o'xshamagan ikkita taymdan iborat bo'ldi deyish mumkin. Birinchi bo'limni Qozog'iston Premer ligasining oltinchi jamoasi hujumkor ruhda boshladi. O'yinda tezkor gol kiritib olgan qizilo'rdaliklar himoyada ishonchli o'ynadi. Bekobodliklar esa raqib tomonidan qo'yilgan “avtobus”ni yorib o'tishning uddasidan chiqa olishmadi. Boz ustiga tanaffusga chiqib ketish arafasida qozog'istonliklar ikkinchi golni ham kiritishga muvaffaq bo'lishdi.
Tanaffusda murabbiylarimizdan kerakli ko'rsatmalarni olgan “Metallurg” o'yinda tub burilish yasadi. Bunda murabbiylarning bir qator o'yinchilarni almashtirishlari, taktikaga o'zgartirish kiritishlari ham qo'l keldi. Avvaliga Stanislav Andreevning burchakdan oshirib bergan to'pini Salamat Quttiboev boshi bilan urib raqib darvozasiga kiritgan bo'lsa, oradan o'n daqiqa o'tgach Abdurahmon Abdulhaqov ajoyib to'p oshirishi bilan Murod Bobojnovni raqib darvozaboni qarshisida yolg'iz qoldirdi. Murod esa randevudan unumli foydalanib hisobni tenglashtirdi.
Shundan keyin ham jamoalarda bir qator imkoniyatlar bo'lgan ersa-da, hisob o'yin oxirigacha o'zgarmasdan qoldi. Endi “Metallurg” Turkiyadagi oxirgi nazorat uchrashuvini 14 fevral sanasida Rossiyaning “Armavir” jamoasiga qarshi o'tkazadi.
Nazorat uchrashuvi
“Metallurg” – “Qaysar” – 2:2 (0:2). Turkiya, Antaliya. 11.02.2020 yil.
Gollar: Salamat Quttiboev (53), Murod Bobojonov (63) — Fortes (11), Peshich (45).
“Metallurg”: 35. Akmal Tursunboev, 28. Stanislav Andreev, 21. Kamoliddin Tojiev, 5. Abbos Otaxonov, 22. Shahzodbek G'ofurbekov, 55. Akbar Ismatullaev, 33. Salamat Quttiboev, 14. Abrorbek Toshqo'ziev, 18. Ixtiyor Toshpo'latov, 19. Evgeniy Chumak, 10. Shahzodbek Ubaydullaev.
Zaxira: 12. Aleksandr Lobanov, 6. Odiljon Abdumajidov, 7. Doniyor Narzullaev, 8. Davron Anvarov, 11. Murod Bobojonov, 17. Abdug'ani Kamolov, 20. Xudoyshukur Sattorov, 30. Andrey Shipilov, 70. Abdurahmon Abdulhaqov, 77. Muhammad Isaev.
“Qaysar”: Marsel Islomqulov, Ivan Graf, Aleksey Shumskix, Tolegenov, Bagdat Kairov, Duman Narzildaev, Asxat Tagibergen, Paragulov, Alvin Fortes, Ivan Peshich, Kolev.

Bosh sahifaga
229