So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Bundesliga favoriti - «o'jar toychoqlar»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 5776
Shahar nomini yozishdagi qiyinchiliklardan forig' bo'lish maqsadida ular o'zlarini «shunchaki «Borussiya» deb atashni ma'qul ko'rishgan, sharmandali mag'lubiyatdan keyin dabdalasi chiqqan himoya chizig'ini tartibga keltirishni «Real»dan iltimos qilishgan, jamoani Shveytsariya termasining o'ziga xos filialiga aylantirishgandi. Endi esa, dortmundlik nomdoshlarini izma-iz quvishda davom etmoqdalar. Qiziq, bu o'jar «toychoqlar» suruvi qaerdan va qay tariqa paydo bo'ldi?
Shveytsariya elchixonasi
Bundesliga - shveytsariyalik futbolchilarning ikkinchi uyi, «Borussiya-M» - miriqib suhbatlashadigan maskan. Hozirda «toychoqlar» sharafini himoya qilayotganlarning 5 nafari Shveytsariya vakillari: Yan Zommer, Niko Elvedi, Denis Zakariya, Yosip Drmich va Mixael Lang. Jamoaning ko'zga ko'ringan «suyaksindirari» - Granit Jaka yaqinda Menxengladbaxni tark etib, APLga o'tib ketdi. Xo'sh, bu o'lka vakillari nima sababdan «Borussiya-M»ni Bundesliganing boshqa jamoalaridan afzal ko'radilar?
Betaraf mamlakat va Menxengladbax klubi o'rtasidagi uzviy aloqa ikki mutaxassisning sa'y-harakatlari mahsulidir. 2008 yilda «Gerta»ga ustozlik qilayotgan Lyusen Favr «Gladbax» yoshlariga mas'ul bo'lgan Maks Eberl bilan tanishib qolgan va unga shveytsariyalik yosh iqtidor sohiblari haqida gapirib bergandi. Uch yildan keyin Favr «Borussiya-M»da bosh murabbiy, Eberl esa sport direktori lavozimlarini egallashdi. Shu tariqa ajoyib juft-lik yuzaga keldi. Shveytsariyalik murabbiy u erdagi yosh futbolchilar bilan yaxshi tanish, Menxengladbaxga Marko Roysni olib kelgan Eberl esa jamoaga nima kerakligini yaxshi bilardi. Shu bois, hamkorlik o'ta samarali kechdi. Favr jamoadan ketgan bo'lsada, u qoldirgan meros hamon o'z mevasini bermoqda: shveytsariyalik futbolchilar sport direktoriga yoqib qolishdi. «Bu mamlakatda yoshlar bilan ishlash yuksak darajaga ko'tarilgan. Ayniqsa, so'nggi 10 yil ichida ular ulkan salohiyatga ega bo'ldilar», - deydi Maks faxr bilan. Demak, u o'z g'oyalaridan voz kechmoqchi emas.
Sxemadagi Qayta Qurish
«Gladbax»ning amaldagi bosh murabbiyi Diter Xekkingni mutasaddilar ancha sovuqqonlik bilan kutib olishgandi. Chunki 52 yoshli mutaxassis eski maktab vakili, jamoada esa o'smirlarga xos ko'tarinkilik, yangiliklarga chanqoqlik muhiti hukmron edi. Buni qarangki, ana shu serzavq muhit germaniyalik murabbiyni yoshlik davriga qaytardi. Ayniqsa, joriy mavsumda bu ijobiy o'zgarish yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Xekking odatiy 4-4-2 uslubidan voz kechib, hujumkor 4-3-3 taktikasini qo'llashga kirishdi. Shu yo'l bilan murabbiy ikki «quyon»-ni ovladi: himoya chizig'ini kuchaytirdi va hujumkorlikni oshirdi. Plea - Azar - Xoffman triosi joriy mavsum 20ta gol va 10ta samarali uzatmani amalga oshirdi.
Shu o'rinda jamoa sardori Shtindl va 21 yoshli Noyxaus xususida alohida to'xtalib o'tish joiz. Jarohat tufayli JChni tomoshabin sifatida kuzatgan sardor hozir Bundesligadagi raqiblarining dodini bermoqda. Noyxaus esa yoshiga xos bo'lmagan etuklikni namoyish etmoqda. Bundan tashqari, nemislar orasidagi eng yosh jahon chempioni - Mattias Ginter ham «Gladbax» tarkibida. Taajjubki, Dortmundda qadrlanmagan futbolchi Gladbaxda himoya qo'rg'oniga aylanib, sobiq jamoasini quvishda davom etmoqda. Uning termadagi ishonchli o'yinlari ham Ginterning chinakam professional darajasidan dalolat bermoqda.
Ikkinchi raQamli uka
«Bolalik paytimda Eden meni darvozaga qo'yar va dahshatli zarbalarga ko'mib tashlardi», - deya xotirlaydi Azar o'zining Belgiyadagi «serzavq» davri haqida. Buyuk futbolchilarning farzandi bo'lish oson emas. Ammo buyuklarning ukasi bo'lish undan ham qiyinroq. Belgiyalik komikslar sharafiga Torgan nomini olgan bolakay muntazam ravishda noshud uka maqomida ulg'aydi. Buni tushunish qiyin emas, axir Edenni shaxsan Mourinoning o'zi maqtagandi. Torgan esa bu paytda Bundesliga jadvalining ikkinchi yarmidan joy olgandi. Endi hammasi o'zgardi - Torgan o'z klubining yaqqol etakchisi, Belgiya termasidagi nemischa hayotbaxsh sabo! «Hayotda biz aka-ukamiz, ammo termada raqiblarmiz» - aftidan, kichik Azar bolalikdagi kamsitishlar uchun akasidan qasos olishga ahd qilgan ko'rinadi.
Haddan tashQari murakkabmi, unda alvido!
Qani ayting-chi, bu klub nomini bexato yoza olasizmi? Buning oson emasligini «Borussiya»dagilar juda yaxshi biladilar. Bundan ikki yil avval «toychoqlar» EChLda ishtirok etishdi va raqiblardan biri Menxengladbax iborasini yozish jarayonida jiddiy qiyinchilikka duch kelgandi. Shundan keyin jamoa o'zining murakkab nomidan voz kechishga qaror qildi va uni «shunchaki Borussiya»ga o'zgartirdi. To'g'ri, atamada qandaydir g'ayritabiiylik ham yo'q emas. Ammo buning ortiqcha ahamiyati yo'q. Masalan, BVB Dortmundning «Borussiya»si ekanini hamma biladi, «shunchaki Borussiya» nomini esa hech qaysi jamoa band etmagan.
Keyinchalik yanada qiziqarli voqealar yuz berdi. «Tvitter»dagi ramziy belgilar soni 280taga etkazilgach, «Gladbax» ijtimoiy tarmoqqa o'z minnatdorchiligini izhor etdi: «Nihoyat, klubimiz nomini to'liq yozish imkoniyati paydo bo'ldi». To'g'ri, ammo bu «achchiq ichak» atamaning talaffuzi kishini nafas qisishi xastaligiga mubtalo qilishi hech gapmas.
O'tgan yili BVB gladbaxlik adashini 6:1 hisobida mahv etgan, uchrashuvni dortmundliklar bilan EChLda kuch sinashishi lozim bo'lgan «Real» a'zolari bevosita stadionda kuzatishgandi. Sharmandali mag'lubiyatdan mulzam bo'lgan «Gladbax» vakillari bu tashrifdan unumli foydalanishdi: «Agar bizning himoyachilarimizni ko'rib qolsangiz, ularni Menxengladbaxga qaytarib yuboring, iltimos!»
Balotellining suyuklisi
«Bundesligada «xet-trik»ka erishgan ikkinchi frantsuz - Eberlning buyuk topilmasi va «Gladbax»ga etishmayotgan ijobiy xislat» - mazkur yuksak e'tirof Alassan Plea sha'niga aytilgan. «Toychoqlar» uni o'z saflariga qo'shib olish uchun «Nitstsa»ga 23 mln. evroni sanab berishdi. Bundesliga doirasida yirik transfer. Plea bir necha oy ichida Germaniyani zabt etdi. Eng muhimi, u Mario Balotellining mehrini qozonishga muvaffaq bo'ldi. Boy berilgan nufuzini tiklash uchun Nitstsaga kelgan italiyalik yulduz Alassan bilan shu jamoada tanishdi. O'sha mavsum Plea o'ta yorqin o'yin ko'rsatdi. Taajjubki, jamoadoshining muvaffaqiyati yo'lida jizzaki Mario o'zining suyukli pozitsiyasini qurbon qildi. «Markazda to'p surishni yoqtirishimni hamma biladi. Biroq Nitstsada bu pozitsiya ajo-yib hujumchiga tegishli. U o'ta sermahsul o'yin ko'rsatmoqda. Chap qanotda o'zimni erkin his eta olmayman. Lekin jamoam uchun o'ynashga tayyorman. Meni juda yaxshi qo'llab-quvvatlamoqdalar. E'tiroz bildirishni o'zimga ep ko'rmadim». Ishonish yoki ishonmaslik - har kimning ixtiyori. Ammo bu gaplarni aynan Mario Balotelli aytgan! «Biz juda ko'p vaqt birga bo'ldik. U mendan qimmatli maslahatlarini ayamadi. Mariodan ko'p narsalarni o'rgandim. Undan juda minnatdorman» - Plea ham italiyalik kasbdoshi bilan tanishgani va do'stlashganidan juda mamnun. U Balotellining 2000- yillardagi muvaffaqiyatini takrorlashga ahd qilgan. «Gladbax» uchun bu ayni muddao!