Yangi yilni yangi litsenziya bilan qarshi olamiz
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 446
Yangi 2020 Olimpiada yilining ilk kunlari xushxabar bilan boshlandi. Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) Tokio Olimpiadasiga yo'llanma beruvchi yakuniy reyting jadvalini e'lon qildi. Quvonarlisi, terma jamoamiz vakili Nikita Rafalovichning nomi -80 kilogramm vazn toifasida reyting orqali Tokio Olimpiadasiga yo'llanma olgan taekvondochilar qatorida keltirib o'tildi.
Hamyurtimiz -80 kilogramm vazn toifasida yakuniy jadvalning to'rtinchi pog'onasida keltirib o'tilgan. Rafalovich 2 yil davomida o'tgan bahslar mobaynida 306.89 ball to'plashga muvaffaq bo'ldi. Taekvondo bo'yicha Tokio Olimpiadasiga yo'llanma olgan sportchilarning reyting jadvali:
-80 kg. vazn toifasi:
1. Maksim Xramtsov (Rossiya) – 558.95
2. Milad Beigi (Ozarbayjon) – 445.22
3. Chek Sisse (Kot d`Ivuar) – 355.57
4. Nikita Rafalovich (O'zbekiston) – 306.89
5. Raul Garsiya (Ispaniya) – 286.06
6. Toni Kanaet (Xorvatiya) – 283.69
Mazkur yo'llanma terma jamoamizning Tokio-2020 Olimpiya o'yinlariga qo'lga kiritgan o'n beshinchi litsenziyasi bo'ldi. O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi bunday ajoyib natija bilan barcha yurtdoshlarimizni, O'zbekiston taekvondo assotsiatsiyasini muborakbod etib qoladi.
Ma'lumot uchun, Osiyo qit'asida Tokio Olimpiadasiga yo'llanma beruvchi yakuniy litsenzion musobaqa 10-11 aprel kunlari Xitoyda bo'lib o'tadi. Ushbu musobaqada taekvondochilarimiz yana 3 ta Olimpiada litsenziyasi uchun kurash olib borishadi.