Milliy olimpiya qo'mitasi Eldor Shomurodovni taqdirladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 439
Bugun poytaxtimizdagi muhtasham “Navro'z” tantanalar saroyi sport olamining yil sarhisobiga bag'ishlangan “Milliy sport mukofoti-2019” taqdirlash marosimiga mezbonlik qildi. O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan mazkur tadbirda yil davomida o'zbek sporti rivoji yo'lida ulkan hissa qo'shgan, uning dovrug'ini dunyoga yanada tanitgan fidoyilarimiz taqdirlandilar. Tadbirning ochilish marosimida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi, O'zbekiston velosiped sporti federatsiyasi rahbari Tanzila Narbaeva so'zga chiqdi.
“Ortda qolgan yil o'zbek sporti uchun unutilmas voqeliklarga boy bo'ldi. Vakillarimiz ayni paytgacha Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga 32 ta yo'llanma olishdi. Bu borada O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi muhtaram Prezidentimiz bergan topshiriqlar asosida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Umid qilamizki, yangi Olimpiya yili sportchilarimiz uchun yanada omadli va zafarli g'alabalarga boy bo'ladi”, – dedi Tanzila Narbaeva.
Tadbir avvalida sportchilarimiz turli raqslar bilan kechaning badiiy qismini ochib berishdi. Shundan so'ng tadbirning asosiy qismiga navbat berildi. Unda “Milliy sport mukofoti-2019” taqdirlash marosimining 19 yo'nalishi va 1 maxsus sovrini bo'yicha o'z g'olib va sovrindorlarini aniqlab oldi. Jumladan, "Rostov" hujumchisi “Xalqaro maydonlarda o'zbek sportini targ'ib qilgani uchun” sovrini bilan taqdirlandi.
Quyida har bir nominatsiya g'oliblari bilan tanishib chiqishingiz mumkin:
“Yilning eng yaxshi terma jamoasi”: Boks bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi.
“Yilning eng yaxshi federatsiyasi”: O'zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi.
“Sport tadbirlarini tashkil etish bo'yicha eng yaxshi tashkilotchi”: O'zbekiston taekvondo WTF assotsiatsiyasi.
“Joylarda (hududlarda) sportni rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun”: Qoraqalpog'iston Respublikasi.
“Sport sohasini rivojlantirishga qo'shgan hissasi uchun”: “Qizilqum-tsement” AJ.
“Yil kashfiyoti”: O'zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi.
“Yilning eng yaxshi sport loyihasi”: “Humo-Arena” ko'ptarmoqli muz saroyi.
“Eng faol sport targ'ibotchisi”: Xilola Isakova, “MY5” telekanali muxbiri.
“Yilning eng yaxshi sport jurnalisti”: Zohid Karimov, “Sport” TV.
“Yilning eng yaxshi ijtimoiy roligi uchun”: Shuhrat Abdumanov.
“Yilning eng yaxshi sport shifokori”: Sunnatilla Yulchiev – Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi professori, travmatolog.
“Xalqaro maydonlarda o'zbek sportini targ'ib qilgani uchun”: Eldor Shomurodov.
“Yilning eng yaxshi paralimpiyachisi”: Timur Giyazov.
“Yilning eng yaxshi murabbiyi”: Ravshan Ro'ziqulov – yunon-rum kurashi bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.
“Yilning eng yaxshi yosh va istiqbolli sportchisi”: Zaynab Dayibekova – qilichbozlik (sablya) bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi a'zosi.
“Yilning eng yaxshi hakami”: Tohir Gulyamov – sport kurashlari bo'yicha xalqaro toifadagi hakam.
“Yilning eng yaxshi ayol sportchisi”: Dilnoza Rahmatova.
“Yilning eng yaxshi erkak sportchisi”: Bahodir Jalolov.
“Sport sohasidagi ko'p yillik xizmatlari uchun”: Oksana Chusovitina.
Shuningdek, Tanzila Narbaeva yurtimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish yo'lida qo'shgan hissasi uchun O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining maxsus sovrini bilan taqdirlandi.
Barcha sovrinlar o'z egalariga topshirilgach “Yalla” guruhi, Ulug'bek Rahmatullaev, Rayhon, Ozodbek Nazarbekov kabi xalqimiz suygan qo'shiqchilar o'z ijodlaridan eng sara qo'shiqlarni bayram kechasining ishtirokchilariga taqdim qilishdi. Shu tariqa barcha sport fidoyilarini birlashtirgan kecha bayramona kayfiyatda yakunlandi.