Chirchiqda futbol festivali bo'lib o'tdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 349
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 dekabr kuni imzolangan “O'zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda bolalar, o'smirlar hamda yoshlar o'rtasida futbolni yanada ommalashtirish borasida amaliy ishlar olib bormoqda.
Respublikamizning turli hududlarida futbol festivallari tashkil etilayotgani haqida oldinroq xabar bergan edik. Bugun shunday festival Toshkent viloyatida ham bo'lib o'tdi. Chirchiq shahridagi O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti sport saroyida o'tgan futbol festivalida viloyatning ko'plab tuman va shaharlaridagi umumta'lim maktablaridagi mavjud futbol to'garaklarida shug'ullanayotgan yosh futbolchilar qatnashdi.
Futbol festivalining asosiy maqsadi – bolalar va o'smirlarni futbol bilan shug'ullanishga qiziqishini yanada oshirish, havaskor futbolni ommaviylashtirish, qolaversa, umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan futbol to'garaklari ishini yaxshilashdan iborat.
Bugungi festivalda yosh futbolchilar o'z ko'rgazmali chiqishlarini namoyish qilishdi. Festival yakunida O'FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi O'FA mutaxassislari yosh futbolchilarga to'p, sport liboslari va jihozlari taqdim etishdi.
- Futbol o'zbek xalqining sevimli o'yini hisoblanadi. Futbol insonlarga umid va orzu bag'ishlaydi, o'ziga bo'lgan ishonchni oshiradi, irodali, mehnatsevar va matonatli bo'lishni o'rgatadi, shuningdek, vatanparvar qilib tarbiyalaydi. Yoshlikdan futbolga mehr qo'ygan, futbol bilan shug'ullangan bola kelajakda sog'lom turmush tarzi tarafdori bo'ladi. Shu boisdan futbol ommaviyligini oshirishga qaratilgan festivallar tashkil etilyapti. Maqsadimiz – yanada ko'proq yoshlarning futbol bilan do'st tutinishiga, “millionlar o'yini”ning yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borishiga erishish, - dedi O'FA Birinchi vitse-prezidenti festival qatnashchilari bilan suhbatda.
O'z navbatida o'quvchilar ham yangi tashkil etiladigan “Maktablar ligasi”da o'zlari tahsil olayotgan ta'lim muassasasi sharafini munosib himoya qilishga harakat qilishlarini bildirishdi.