O'zbekiston o'q otish, gandbol va suzish federatsiyalariga yangi rahbarlar saylandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 42

Milliy Olimpiya qo'mitasida O'zbekiston o'q otish, gandbol va suzish federatsiyalarining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi.
Federatsiyalarga yangi rahbar saylanib, yangi Olimpiya tsikli uchun rejalar ko'rib chiqilgan mazkur tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Otabek Umarov boshchiligidagi MOQ rahbariyati, mamlakat o'q otish, gandbol hamda suzish federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 381-son qaroriga muvofiq federatsiya faoliyati yanada takomilashtirilib borilmoqda. Shundan kelib chiqqan holda konferentsiya ishtirokchilari O'zbekiston o'q otish federatsiyasi raisligiga Mudofaa vaziri, general-mayor Xalmuxamedov Shuxrat G'ayratdjanovich nomzodini ilgari surishdi. Nomzod delegatlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi va Sh.Xalmuxamedov mamlakat o'q otish federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Tadbirda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ning bosh direktori, O'zbekiston Qahramoni Sanoqulov Quvondiq Sanoqulovich nomzodi O'zbekiston gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga ilgari surildi. O'z navbatida, Sport vaziri Adham Ikramov sport sohasida ham ulkan tajribaga ega bo'lgan, bir necha yillar davomida mamlakat suzish federatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan Quvondiq Sanoqulovich haqida iliq fikrlar bildirib o'tdi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma'qullashdi va Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi.
Shuningdek, O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan so'nggi yillarda hududlarda suv sporti turlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Toshkent shahrida jahon standartlariga mos keladigan 50x25 metr o'lchamdagi havzalar foydalanishga topshirildi. Qashqadaryoda ayni paytda navbatdagi ob'ekt – zamonaviy suv sport turlari saroyi qad rostlayotgan bo'lsa, Toshkent viloyatida yana bir suzish havzasi qurilishi loyihalashtirilyapti.
Federatsiyaning avvalgi rahbari Q.Sanoqulov mamlakat gandbol federatsiyasi boshqaruviga o'tgani va yuqoridagi jihatlarni inobatga olgan holda, suzish federatsiyasi rahbari lavozimiga O'zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Rafikov Qudratilla Mirsagatovich nomzodi ilgari surildi. Tadbirda qatnashgan delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan ma'qullashdi va Q.Rafikov mamlakat suzish federatsiyasi raisi etib saylandi.
Shundan so'ng, O'zbekiston o'q otish, gandbol va suzish federatsiyalarining Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik rejasi ko'rib chiqildi. Unda sportchilarimizni litsenzion musobaqalarga tayyorlash, terma jamoa moddiy texnik-bazasini yanada yaxshilash borasida tavsiyalar ilgari surilib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo'lgan ishlar belgilab olindi.

Bosh sahifaga
490