So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
2019 yilda kelishilgan o'yinlarga qarshi jiddiy kurash boshlanadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 7022
Mamlakat futbolini oyoqqa turg'azish yo'lida qator chora-tadbirlar ko'rilayotgan bo'lsa-da, shu sohadan non topayotgan, biroq futbolni botqoqqa botirish, uning printsiplarini mensimaslik, o'z manfaati yo'lida jamoasi va hatto muxlislarini ham sotib yuboradigan kimsalar bor.
2019 yilda O'FA hamda PFL bu kabi illatlarga va bunday jinoyatchi shaxslarga qarshi jiddiy kurash olib boradi.
Ayni vaqtda Professional futbol ligasi kelishilgan o'yinlarga qarshi kurash yo'lida prokuratura va boshqa tegishli organlar bilan hamkorlikda ishlash masalasini ko'rib chiqmoqda. Bungacha O'FA qoshida yuqoridagi kabi ishlarni aniqlash maqsadida alohida bo'lim tashkil qilingandi.
Mazkur bo'lim shubhali ko'ringan va isboti jinoiy javobgarlikkacha tortish uchun kamlik qiladigan qator ma'lumotlar to'pladi. Ammo, kelishilgan o'yinlar borasidagi noxush xabarlar, muxlislarning bunday o'yinlarga bo'lgan e'tirozi kamayib qolmadi. Endi esa O'FA ishni yuqoridagi kabi organlarga topshirish niyatida.
Bunda bir jihatga e'tibor qaratish kerak bo'ladi. Ayni holatda davlat organlari futbolning ichki ishlariga aralashgan bo'lib chiqmaydi. Balki, O'FA futboldagi illatlarni yo'qotish uchun organlar yordamiga o'z xohishi bilan suyanayotgan sanaladi. Mazkur tashabbusni OFK ham, FIFA ham qo'llab-quvvatlaydi.
Bungacha PFL kelishilganlikda gumon qilingan qator uchrashuvlar haqida ma'lumotlar qabul qilib olgandi. Mazkur jamoalar ertaga — 7 yanvar kuni rasman ogohlantiriladi. Garchi o'sha uchrashuvlar kelishilganligi borasida aniq dalillar yo'q bo'lsa-da, klub mutasaddilari buning uchun tushuntirish berishi shart.
PFL vakillari futbol olamida faoliyat olib borayotgan, totalizatorlarda ishtirok etadigan, ba'zida sovrinlar ham yutishga ulgurayotgan ayrim mutaxassislar haqida faktsiz bo'lsa-da, tasavvurga ega. Agar ular faoliyat olib borayotgan jamoa haqida OFK yoki boshqa tashkilotlardan gumonlanuvchi o'yinlar borasida ma'lumot kelib tushsa, O'FA rahbariyati ularni asossiz ham futboldan chetlashtirish ishini ko'rib chiqadi. Mana shunday noinsof kishilarning 4-5 nafari futbol bilan bir umrga xayrlashsa, futbol rivoji to'xtab qolmaydi. Muhimi, uning ichi bir qadar tozalanadi va qolgan ayrim kishilar oz bo'lsa-da insofga keladi.
Shuningdek, quruq gaplar emas, aniq faktlari bo'lgan, kelishilgan o'yinlarni ochishda yaxshi ma'lumotlari bor bo'lgan futbolchilar, murabbiylar va klublar rahbarlari bu haqda ma'lumot berishlari so'raladi. Ularning shaxsi imkon bergunicha sir tutiladi, ommaga oshkor qilinmaydi. Mana shunday pastkashlikka burkangan ishlar aniqlangudek bo'lsa, PFL bu ishga hissa qo'shganlarni mukofotlashga ham tayyor. Mamlakat futboli rivoji uchun barchamiz birdek mas'ulmiz.