Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik masalalariga bag'ishlangan matbuot-anjumani o'tkazildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 273

Joriy yilning 4 senyatbr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida o'tkazilgan videoselektorda 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo'lib o'tadigan yozgi Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik ko'rish, aholi orasida ommaviy sport va jismoniy tarbiyani yanada rivojlantirish bo'yicha qator topshiriqlar belgilab berilgan edi. Bugun O'zbekiston Respubilikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida mazkur yo'nalishlar bo'yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot-anjumani tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Oybek Kasimov, Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov va soha mutaxassislari o'tgan davr mobaynida olib borilgan ishlar yuzasidan hisobot berishdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berishdi.
“Sal kam 2 oy davomida sohada juda katta ko'lamdagi ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ta'lim sohasida oliy o'quv-yurtlarida sportga ixtisoslashgan fakultetlarda yanada ko'proq o'rin ajratish, Olimpiya o'yinlari va jahon chempionati sovrindori bo'lgan sportchilarni o'qishga imtiyozli qabul qilish dasturi bo'yicha ijobiy natijalar bo'lmoqda. Yaqinlashib kelayotgan Tokio Olimpiadasiga jiddiy tayyorgarlik ko'rish va unga imkon qadar ko'proq yo'llanma olish masalasi ham oldimizda turgan eng asosiy vazifalardan biri. Buning uchun har bir sport turiga uni yaxshi tushunadigan mutaxassislarni tayyorgarlikka mas'ul qilib qo'ydik”, – dedi Oybek Kasimov.
“Sportchilarimizning mashg'ulot davomida bamaylihotir shug'ullanishlarini ta'minlash bizning asosiy maqsadlarimizdan biri. Shu bois ham MOQ qoshida tuzilgan qator ishchi guruhlar Olimpiya o'yinlari litsenziyasi uchun kurashayotgan sportchilarimizning oila-a'zolaridan xabar olishmoqda, ularning mashg'ulotlarda qayd etayotgan natijasini muntazam nazorat qilib bormoqda. Zamonaviy sportda doping masalasi ham ancha jiddiy e'tibor talab qiladi. Bu borada atletlarimizning ovqatlanish ratsioni va ularga berilayotgan vitaminlar ham xalqaro antidoping agentligi foydalanishga ruxsat bergan ro'yxat asosida tuzib chiqilgan”, – dedi Nazirjon Xudoyqulov.
Tadbir davomida kanoeda eshkak eshish bo'yicha Tokio-2020 Olimpiya o'yinlariga yo'llanma qo'lga kiritgan sportchilarimiz Dilnoza Rahmatova hamda Nilufar Zokirova, shuningdek, yaqinda Ekaterinburgda o'tkazilgan boks bo'yicha jahon chempionatida g'alaba qozongan Bahodir Jalolov, Shahobiddin Zoirov, Miraziz Mirzahalilov kabi vakillarimiz ham ishtirok etib, kelasi yilgi Olimpiada uchun o'z oldiga qo'ygan vazifalari haqida gapirib berishdi. Qolaversa, yurtimizdagi har bir viloyatni ma'lum sport turlariga ixtisoslashtirish, Tokio Olimpiadasiga mo'ljallanayotgan litsenziyalar soni bo'yicha ko'tarilgan mavzu ham OAV vakillarining e'tiborida bo'ldi.

Bosh sahifaga
246