O'zbekiston 2019 yilda nufuzli musobaqalarga mezbonlik qiladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 5329
O'tgan 2018 yil sport sohasida yangiliklar va muvaffaqiyatlar ko'p bo'ldi.
Yangi 2019 yilda ham sportchilarimiz ko'plab yirik musobaqalarda ishtirok etadi. O'zbekning hech kimdan kam bo'lmagan va kam bo'lmaydigan muzaffar sportchilari joriy yilgi sport mavsumida 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga yo'llanma beruvchi bir qator chempionat va turnirlarda, 2 ta kompleks musobaqada, 128 ta jahon chempionatida, 96 ta Osiyo birinchiligida hamda 700 dan ortiq xalqaro musobaqada ishtirok etishi rejalashtirilgan.
O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligidan xabar berishlaricha, mamlakatimiz ushbu yilda tennis, badiiy gimnastika, velosport, dzyudo, kurash, taekvondo (WTF), karate (WKF), uloq ko'pkari, baydarka va kanoeda eshkak eshish, ot sporti, qilichbozlik va sambo bo'yicha o'tadigan jahon va qit'a chempionatlari, xalqaro turnirlar bo'yicha jami 34 ta nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi.
Sportchilarimizning mazkur musobaqalarda munosib ishtirok etishiga zamin tayyorlashda Prezidentimizning 2017 yil 9 martdagi O'zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo'lib o'tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o'yinlariga tayyorlash to'g'risidagi qarori muhim dasturilamal bo'lmoqda.
O'zbek sportchilari bu yilgi sport musobaqalarida ham ulkan zafarlarni qo'lga kiritib, mamlakatimiz dovrug'ini yanada yuksaltirishiga ishonamiz.