“Bosh vazir kubogi-2019” g'oliblari aniqlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 435
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan poytaxtimizda vazirliklar, idoralar, xo'jalik birlashmalari, yirik korxona va tashkilotlarning markaziy apparati xodimlari o'rtasida “Bosh vazir kubogi” musobaqasi o'tkazildi. Reglamentga ko'ra, ushbu sport musobaqasi ayollar o'rtasida voleybol, erkaklar o'rtasida futbol bo'yicha tashkil etildi.
Shubhasiz, ko'pchilikning diqqat-e'tibori futbol uchrashuvlariga qaratildi. Toshkent shahridagi muhtasham “Milliy” stadionida o'tgan final bellashuvida Oliy sud va “Uztelekom” jamoalari bahs olib bordi. Keskin va murosasiz kechgan o'yinda huquq sohasi mutaxassislari 1:0 hisobida g'alaba qozondilar.
Voleybol bo'yicha ayollar o'rtasida o'tgan bellashuvlar bir kun avval nihoyasiga etib, unda “O'zbekiston temir yo'llari” jamoasi barcha raqiblarini katta qiyinchiliksiz mag'lub etishning uddasidan chiqdi. Futbol bo'yicha final uchrashuvi yakunlanganidan keyin barcha yo'nalishlarda g'olib va sovrindor bo'lgan jamoalarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. G'oliblarni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari Aziz Abduhakimov taqdirladi.
Taqdirlash marosimidan so'ng stadionga yig'ilgan muxlislar va ishtirokchilar uchun badiiy dastur namoyish qilindi. Unda elimizning suyukli qo'shiqchilari, qiziqchilari o'z dasturlarini taqdim etdilar.