O'zbekiston liga kubogi. Dastlabki finalchi aniq bo'ldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 562

O'zbekiston liga kubogi yarim finalining dastlabki o'yini yakunlandi. Ushbu bosqichda “Qo'qon-1912” jamoasi o'z uyida “Paxtakor”ni qabul qildi.
Uchrashuvning 5-daqiqasida mehmonlar hisobni ochishdi. Qanotdan oshirilgan to'pni Dragan Cheran boshi bilan darvozamizga aniq yo'lladi. Oradan ikki daqiqa o'tib, qo'qonliklar penalti tepish huquqiga ega bo'lishdi. Penaltini esa Suhrob Berdiev aniq amalga oshirib hisobni tenglashtirdi. 24-daqiqada raqiblarimiz jarima to'pi tepish huquqiga ega bo'lishdi. Masharipovning jarimadan tepgan to'pini Abdullaev yana qaytardi.
Birinchi bo'lim so'nggida mehmonlar bosimni kuchaytirishdi. Natijada hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda ikkinchi to'pni kiritishdi. Odil Hamrobekov tepgan to'p rikoshet xolatida futbolchimizga tegib, mezbonlar darvozasidan o'rin oldi. Tanaffusga jamoalar shu hisobda chiqib ketishdi.
Ikkinchi taymni “sherlar” faol tarzda boshlashdi. 52-daqiqada Hamdamov-Cheran-Sergeev kombinatsiyasi chiroyli bo'lgan edi. Jasur Yoqubov o'z vaqtida xavfni bartaraf qildi. 55-daqiqada Hamidullo Abduhamidovning yaqin masofadan bergan zarbasi birozgina noaniq bo'ldi.
59-daqiqada “Paxtakor” futbolchilari uchinchi to'pni kiritishdi. Bu safar Igor Sergeev jamoadoshlari boshlab bergan hujumni samarali yakunladi. 70-daqiqada "Qo'qon-1912"da hisobni tenglashtirish uchun yaxshi vaziyat vujudga kelgandi. Otabek Haydarov qulay imkoniyatni ko'kka sovurdi.
78-daqiqada Shahboz Erkinovning bosh bilan bergan zarbasi darvoza to'siniga tegib qaytdi. 79-daqiqada esa Dostonbek Hamdamov raqiblarning to'rtinchi goliga mualliflik qildi. 81-daqiqada maydon egalari hisobni qisqartirishdi. Zaxiradan maydonga tushgan Shahboz Erkinov raqib darvozasini ishg'ol etdi. Avazxon Mamatxo'jaev barchasini a'lo darajada ijro etib, to'pni jarima maydonchasiga uzatdi. Darvozabon va himoyachilarning orasida turgan Erkinov vaziyatdan unumli foydalandi. 86-daqiqada Erkinovning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi.
Qolgan daqiqalarda mezbonlar bir qator vaziyatlarni yuzaga keltirganlariga qaramay, o'yin yakuniga qadar hisob o'zgarmadi. Shu tariqa, "Paxtakor" Liga kubogi finaliga yo'l oldi.
O'zbekiston liga kubogi
Yarim final
“Qo'qon-1912” – “Paxtakor” – 2:4 (1:2)
Hakamlar: Jasur Muxtorov, Sanjar Shoyusupov, Alisher Usmonov, Ibrohim Ismoilov.
Nazoratchi: Konstantin Smirnov.
Komissar: Aleksandr Davidenko.
Gollar: Suhrob Berdiev (7 pen), Shahboz Erkinov (81) - Dragan Cheran (5), Odil Xamrobekov (45+2), Igor Sergeev (59), Doston Xamdamov (79)
“Qo'qon-1912”: 1. Islom Abdullaev, 7. Jamshid Hasanov, 10. Quvondiq Ro'ziev (11. Timur Hakimov – 64), 14. Avazxon Mamatxo'jaev (72. Alisher Samatov – 85), 15. Oybek Rustamov, 19. Suhrob Berdiev, 20. Iqbol Malikjonov, 23. Aleksandr Merzlyakov, 27. Jasur Yoqubov, 29. Hamidullo Abduhamidov, 91. Otabek Haydarov (22. Shaxboz Erkinov – 72).
Zaxira: 33. Muzaffar Abdullaev, 9. Zafar To'raev, 16. Jasur Hasanov, 21. Timur Usmonov, 65. Marko Milich.
“Paxtakor”: 25. Eldor Suyunov, 3. Xojiakbar Alijonov, 9. Jaloliddin Masharipov (77. Husniddin G'ofurov - 84), 10. Dragan Cheran, 11. Igor Sergeev, 15. Egor Krimets (23. Sherzod A'zamov – 46), 17. Dostonbek Hamdamov, 20. Odil Hamrobekov, 27. Sardor Sobirxo'jaev (29. Vladimir Kozak – 82), 34. Farrux Sayfiev, 55. Marko Simich.
Zaxira: 35. Sanjar Quvvatov, -5. Alisher Salimov, 14. Xumoyunmirzo Iminov, 19. Shoxrux Mahmudxojiev, 21. Marat Bikmaev, 43. Ibrohimxalil Yo'ldoshev.

Bosh sahifaga
234