Evropaga qo'shilgan qozoq futboli bundan yutadimi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 701

Bugun Evropa chempionatiga chiqish uchun saralash o'yinlarida Qozog'istonning Belgiya bilan o'yinini ko'rdim. Ha, belgiyaliklar, o'sha mashhur Eden Azar va uning jamoadoshlari Qozog'istonga tashrif buyurishdi. Qozoqlar kutilganidek tajribali raqiblariga mag'lub bo'lishdi. Ammo natija u qadar yirik emas, 0:2, xolos.
QOZOQ FUTBOLI UChUN TAJRIBA
UEFAga qo'shilgan Qozog'iston futboli bundan ham yutadi, ham yutqazadi. Keling, avvalo, bu holatning ijobiy tomonlari haqida fikr yuritamiz.
Qozog'iston klublari bizning klublari kabi OFK yoki OChL uchun emas, Evropa chempionlar ligasi va Evropa ligasida ishtirok etish uchun kurashishadi. Bizning klublar Arab jamoalari bilan kuch sinashib yurgan bir paytda qozoq klublari Evropaning tajribali jamoalari bilan raqobatlashishadi. Hatto “Astana” klubi Evropa Ligasida ishtirok etmoqda. Xabaringiz bor, “Manchester Yunayted” “Astana” mehmoni bo'lib, 0:1 hisobida zafar quchgan edi. Bu esa katta tajriba degani. To'g'ri, g'alabalar, xalqaro sovrinlar deyarli bo'lmaydi, lekin tajriba to'planadi, Evropa futbolining havosi kirib keladi.
Terma jamoa haqida ham shunday deyish mumkin. Biz O'zbekiston milliy terma jamoasi Evropaning grand jamoalariga qarshi o'ynashini, hech bo'lmaganda o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishini istayotgan bir paytda Qozog'iston Germaniya, Belgiya va boshqa grand jamoalar bilan mundialga chiqish uchun kurash olib boradi, bunday jamoalar bilan rasmiy o'yinlarda maydonga tushadi. To'g'ri, bugun qozoqlar Belgiyaga yutqazishdi, ammo nimadir o'rganishdi, tajriba to'plashdi. Bugun Qozog'iston terma jamoasi a'zolari ancha dovdirashdi, shu boisdan ko'p hollarda to'pni yo'qotishdi, shu tufayli hatto bir vaziyatda juda qulay imkoniyatdan gol ura olishmadi. Vaholanki, Qozog'iston termasi Belgiya posboni Kurtua darvozasini ishg'ol etishi ham mumkin edi. Bu esa qit'adoshlarimiz uchun bir maktab, agar to'g'ri ishlansa, bugungi xatolardan to'g'ri xulosa chiqariladi, xatolar to'g'rilanadi va agar yana Belgiya bilan to'qnash kelsa, Qozog'iston uchun Azar va uning jamoadoshlari “odatiy raqib” sifatida qabul qilinadi.
Qozog'iston terma jamoasi har doim Evropa grandlariga qarshi o'ynaydi, goh jahon chempionatiga chiqish uchun, goh Evropa chempionatiga. Bu esa kattagina maktab, lekin...
SALBIY TOMONI
Qozog'iston UEFAga qo'shilib, faqat bitta imkonni qo'ldan boy berdi: jahon chempionatiga chiqish. Agar qandaydir sensatsiya ro'y bermasa, vaziyatga real yondashadigan bo'lsak, qozoqlarning jahon chempionatiga chiqish imkoni juda-juda kam. Chunki raqiblar orasida har doim Evropaning kamida ikkita kuchli jamoasi bo'ladi.
Jahon chempionatiga chiqishdan maqsad — Evropaning grand jamoalariga qarshi o'ynash emas, mundialda ishtirok etish. Raqibning farqi yo'q, jahon chempionati ishtirokchisi bo'lishning o'zi katta baxt, yutuq. Shuning uchun garchi Qozog'iston kabi Evropa grandlariga qarshi o'ynamasak-da, Osiyo termalariga qarshi to'p surib, jahon chempionatiga chiqsak, shunisi muhim. Bu tomondan biz to'g'ri yo'ldamiz. Maqsadga erishishning yo'llari ko'p. Agar gap maqsadga erishish haqida ketsa, biz tanlagan yo'l Qozog'istonnikidan yaxshiroq. Qolaversa, qit'adoshlarimiz tajriba to'plashgani bilan, baribir, bu tajriba yaqin orada mundial eshiklarini ochish uchun etarli bo'lmaydi. Bizda esa Osiyo termalarini mag'lub etib, mundialga chiqish imkoni bor. Har holda Qozog'istonning Belgiyani yutishidan ko'ra O'zbekiston MTJning Avstraliya yoki Janubiy Koreyani yutishi mantiqqa yaqinroq.
UMUMIY XULOSA
Qozog'istonning UEFAga qo'shilishini oqlash yoki qoralash bunga qay tomondan qarashga bog'liq. Hozircha taqqoslaganda ularning vaziyati yaxshi, qachonki bizning terma mundialga chiqsa, ana shunda bizning yo'limiz o'zini oqlagan bo'ladi. Ungacha esa bu borada yakdil xulosa chiqarishdan yiroqmiz.

Bosh sahifaga
355