“Quzil furiya” — Ispaniyaning muammosi nimada?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 339

Kecha Ispaniya terma jamoasi Evro-2020 saralashi doirasida Norvegiya bilan durang o'ynadi. Vaholanki, ko'pchilik “qizil furiya”ning g'alabasini kutgandi. Biroq...
TARKIB OPTIMAL EMAS
Kecha ispanlar optimal tarkib bilan o'ynagani yo'q. Buni birgina fakt — tarkibda 11 ta klubdan bittadan futbolchi o'ynagani bilan izohlash mumkin. Bunaqasi Ispaniya termasi tarixida birinchi bor kuzatilmoqda. Shu paytgacha esa termaning asosini “Real” hamda “Barselona” futbolchilari tashkil qilar va ispanlar istalgan raqibni er tishlatardi.
Ta'kidlash kerakki, ayni damda ispanlardan 2-3 ta optimal tarkib tuzsa bo'ladi. Ehtimol, agar bosh murabbiy ishonch bildirsa, yarim himoyachilar orasida yaqin kelajakda Inesta va Xavining o'rnini bosadigan futbolchi ham chiqar. Faqat buning uchun bosh murabbiy qaysi futbolchi qanday salohiyatga ega ekanligini anglaydigan darajada ziyrak bo'lishi kerak.
HUJUMDAGI MUAMMO
Aslida, shu paytga qadar hujum chizig'i ispanlarning asosiy quroli bo'lmagan. Asosiy qurol — yarim himoya edi. Ispanlar xalqaro musobaqalarda dahshatli yarim himoya yordamida zafar quchishgan. 2010 yilgi mundialni eslang, asosiy qahramon yarim himoyachilar bo'lishgandi. Xavi, Inesta. Yoki Evropa chempionatida ham yarim himoya hal qiluvchi ahamiyat kasb etgandi.
Muammo shundaki, hozir o'shanday kuchli yarim himoya chizig'i yo'q. Aniqrog'i, bosh murabbiy asosiy tarkibni mukammal qilib tuzishda qiynalyapti. Inestaning o'rnini bosa oladigan futbolchi yo'q. Xavining ham. Yarim himoyada ham muammo borligi sabab hujumdagi nuqsonlar yaqqol sezilyapti.
G'OLIBLIKKA IMKONIYaT QANDAY?
Evro-2020 ancha shiddatli o'tishi tabiiy. Chunki ayni damda bir nechta terma jamoalar o'zlarini tiklab olishmoqda. Masalan, avlodlar almashinuvi davridagi sutslashish tufayli jahon chempionatiga chiqa olmagan Gollandiya terma jamoasi kuchayib bormoqda. Tarkibi yosharganiga qaramasdan, kuchsizlanib qolmagan Frantsiya ham ko'ngildagidek o'yin ko'rsatyapti. Shuningdek, tarkibini bir nechta iqtidorli, yosh futbolchilar bilan boyitayotgan Portugaliya ham so'nggi paytlarda g'alabaga chanqoq ekanligini namoyish etmoqda. Garchi Chexiyaga yutqazgan bo'lsa-da, Angliya ham oson taslim bo'lmasligi aniq. Bu yoqda Germaniya, Belgiya, Xorvatiya kabi termalar borki, hozirgi Ispaniya 2020 yilgi Evropa chempionatida g'olib bo'lishi qiyin masala. Biz uchun quvonarlisi, ancha qizg'in kurash kechadi.
MURABBIY ALMAShIShI KERAK
Ispaniyaning bosh murabbiysini tezroq almashtirgan ma'qul. To'g'ri, o'yin yomon emas, ammo yosh mutaxassisning g'oyaga boy emasligi sezilmoqda. Evropada esa kutilmagan, qiziqarli g'oyalar muhim ahamiyatga ega. Agar keyingi o'yinlarda ham ispanlar ijobiy natija qayd eta olishmasa, vaziyat murakkablashishi tayin. Jahon chempionatidagi Lopetegi va Yerro bilan bog'liq voqealar Ispaniya termasiga saboq bo'lishi kerak.
Ispaniya terma jamoasi — har doim har qanday musobaqada favorit bo'lib kelgan. Shak-shubhasiz, Evro-2020 da ham “qizil furiya” g'oliblikka asosiy da'vogarlardan biridir. Ta'kidlash joizki, bu kechagi Norvegiyaga qarshi o'yindangina kelib chiqqan xulosa emas. Ehtimol, murabbiy tajribali futbolchilarga dam berishga, ularni kuchli raqiblarga qarshi o'yinlar uchun asrashga qaror qilgandir. Ammo, baribir, ispanlar tarkibida hal qilinishi lozim bo'lgan muammolar ko'p.

Bosh sahifaga
283