Xalqaro gimnastika federatsiyasi o'zbekistonlik ikki nafar sportchiga Tokio Olimpiadasi litsenziyalari taqdim etilganini rasman tasdiqladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 561

Ayni kunlarda Germaniyaning Shtutgart shahrida sport gimnastikasi bo'yicha jahon chempionati o'z yakuniga etib bormoqda. Ushbu dunyo birinchiligi kelasi yil Tokio shahri mezbonlik qiladigan Olimpiya o'yinlariga to'g'ridan to'g'ri yo'llanma berishi bilan yanada ahamiyatli.
Xalqaro gimnastika federatsiyasi ushbu musobaqa arafasida bir qator sportchilarga Tokio Olimpiadasida qatnashish imkoniyatini beruvchi yo'llanma taqdim etdi. Biz uchun ahamiyatlisi ushbu litsenziantlar qatorida ikki nafar vakilimiz Oksana Chusovitina hamda Rasuljon Abdurahimovning nomlarini ham ko'rishimiz mumkin.
Vakillarimiz dunyo birinchiligida sovrindorlar qatoridan joy ololmagan bo'lsalar ham, o'zlarining yuksak mahorati bilan xalqaro mutasaddilar e'tiborida bo'lishdi. Shu tariqa o'z nomini tarix zarvaraqlariga bitgan Oksana faoliyatida sakkizinchi bor Olimpiya o'yinlari yo'llanmasini qo'lga kiritmoqda.
Bu esa o'zbek va jahon sporti tarixi uchun ulkan muvaffaqiyat demakdir. Reglamentga ko'ra, hamyurtlarimiz kelasi yil Tokio Olimpiadasida o'zlari istagan yo'nalishda ishtirok etishlari mumkin.
O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi Oksana Chusovitina va Rasuljon Abdurahimovni qo'lga kiritilgan Olimpiada yo'llanmalari bilan chin dildan muborakbod etib qoladi. Shu tariqa Tokio Olimpiadasiga litsenziya olgan sportchilarimiz soni 10 nafarga etdi.


Bosh sahifaga
341