MOQ rahbari O'zbekiston xokkey federatsiyasiga tabrik yo'lladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1138

Xabar berganimizdek, kecha O'zbekiston xokkey federatsiyasi Xalqaro xokkey federatsiyasi tarkibiga rasman qabul qilindi. Shu munosabat bilan O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi rahbari Rustam Shoabdurahmonov O'zbekiston xokkey federatsiyasi raisi Baxtiyor Fazilovga tabrik yo'lladi. Jumladan, unda shunday deyiladi:
Hurmatli Baxtiyor Shuhratovich,
Sizni O'zbekiston xokkey federatsiyasining Xalqaro xokkey federatsiyasiga a'zo bo'lgani bilan chin dildan muborakbod etaman. Bu voqelik o'zbek sporti tarixida unutilmas kunlardan biri sifatida muhrlanib qolajak.
Muhtaram Prezidentimizning jismoniy tarbiya va sportga, xususan, sportning qishki turlariga qaratayotgan yuksak e'tibori o'laroq poytaxtimizda zamonaviy “Humo arena” muz saroyi qad rostladi. Bu yildan e'tiboran Rossiya Oliy xokkey ligasida ishtirok etayotgan Toshkentning “Humo” jamoasi ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Bunday muvaffaqiyatlar zamirida, shubhasiz, Sizning ham o'z xissangiz bor.
Sizni O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi va katta sport jamoatchiligi nomidan yurtimizda xokkey bo'yicha erishilayotgan mana shunday g'alabalar bilan tabriklab, mashaqqatli faoliyatingizda yanada katta kuch-g'ayrat tilab qolaman. Ishonamanki, xokkey bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi ham xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etib, yaqin yillar ichida qishki Olimpiya o'yinlarida qatnashish huquqini qo'lga kirita oladi.
Hurmat va ehtirom ila,
MOQ prezidenti R.Shaabduraxmanov


Bosh sahifaga
206