Germaniyalik Laura: Yurtingizda sportga bo'lgan e'tibor meni quvontirdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 358

Xabaringiz bor ayni kunlarda poytaxtimizdagi muhtasham “Humo Arena” paradzyudo bo'yicha IBSA Gran-prisiga mezbonlik qilmoqda. Ushbu musobaqada ishtirok etish uchun 35 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin sportchilar Toshkentga etib kelishgan.
Aytish kerakki, musobaqani tomosha qilish uchun “Humo arena”ga minglab ishqibozlar tashrif buyurishmoqda. Ular orasida o'z mamlakatini qo'llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarni ham ko'rish mumkin. Shulardan biri germaniyalik Laura. U ko'hna qit'adan Gran-prida ishtirok etadigan dugonasini qo'llab-quvvatlash uchun yurtimizga kelgan. Biz esa u bilan qisqacha suhbat uyushtirdik.
– O'zbekistonga hush kelibsiz!
-Rahmat. Meni bu erda juda iliq kutib olishdi. Aeroportning o'zidayoq bu erning odamlari judayam hushmoamala va mehmondo'st ekanini bildim.
-O'zbekiston haqida ilk taassurotlaringiz qanday? Hozircha qaerlarni tomosha qildingiz va qaerlarda bo'ldingiz?
-Hozircha faqat Toshkentning e'tiborga moliq joylarida bo'ldim. Tashkilotchilar bizga tarjimonlarni biriktirib berishdi. Bizga biriktirilgan tarjimon qiz butun shaharni ko'rsatdi. Ayniqsa menga Chorsu bozori judayam yoqdi. Haqiqiy sharqona bozor. U erdan turli quruq mevalar va ziravorlar xarid qildik. Ha aytgancha, o'zbek mevalari va taomlari judayam mazali ekan.
-Musobaqalar bo'lib o'tayotgan “Humo Arena” haqida fikringiz.
-O'zgacha dizaynga ega jahon standartidagi ajoyib inshoot. Bu erda muxlislar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O'tkaziladigan har qanday musobaqani maroq bilan tomosha qilish mumkin. Paradzyudo bo'yicha Gran-prini bunday joyda o'tkazilayotgani sportchilarga ham, muxlislarga ham birdek yoqimli. Yurtingizda sportga qaratilayotgan bunday e'tibor va g'amxo'rlik meni quvontirdi.
-O'zbekistonga yana kelish niyatingiz bormi?
-Albatta. Lekin musobaqa yakunlangach bir necha kun qolib, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarni o'z ko'zim bilan borib ko'rmoqchiman.

Bosh sahifaga
237