Chim ustida xokkey bo'yicha terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 422
O'tgan hafta Singapurda chim ustida xokkey bo'yicha qizlar o'rtasida Osiyo kubogi bo'lib o'tdi. Mazkur musobaqada O'zbekiston yoshlar terma jamoasi faxrli ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan edi. Bugun musobaqada qatnashgan terma jamoamiz vakillari Toshkentga qaytib kelishdi. Sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Ularni kutib olish marosimida O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi va O'zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Musobaqada ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan vakillarimiz bu bilan Yaponiyada o'tkaziladigan Osiyo chempionatida ishtirok etish huquqini ham qo'lga kiritdilar. Ta'kidlash joiz, qizlarimiz musobaqada faqatgina mezbonlarga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo'yishdi. Xitoy Taipeyi bilan durang qayd etilgan bo'lsa, Gongkong, Bahrayn va Shri-Lanka jamoalari yirik hisobda mag'lub etildi. Shuningdek, hamyurtimiz Sabina Adizova musobaqada “Eng yaxshi sportchi” nominatsiyasida g'olib bo'ldi.