Murodjon Ahmadaliev yana muddatidan avval g'alaba qozondi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 467

Professional boksning ikkinchi yarim engil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliev (7-0, 6 KO) 13 sentyabr kuni (Toshkent vaqti bilan 14 sentyabr) o'zining navbatdagi jangini o'tkazdi.
Unda Ahmadalievga kolumbiyalik tajribali bokschi Vilner Soto (22-7, 12 KO) raqiblik qildi.
GoSport.uz internet-nashri muxbirining xabar berishicha, Nyu-Yorkdagi «Medison Skver Garden» arenasidagi Hulu teatrida bo'lib o'tgan, 8 raundga mo'ljallangan jang to'rtinchi raundda nihoyasiga etdi. Aynan to'rtinchi raundning 1:56 soniyasi ortda qolganida Ahmadaliev tomonidan berilgan ketma-ket zarbalar natijasida hakam jangni to'xtatdi va texnik nokaut qayd etdi.
Natijada Ahmadaliev o'zining ettinchi jangida ham g'alaba qozonishga muvaffaq bo'ldi. Bu uning oltinchi muddatidan oldingi g'alabasiga aylandi.
Eslatib o'tamiz, 13 sentyabr kuni Murodjon Ahmadaliev aslida WBA va IBF chempionlik kamarlari uchun Daniel Romanga (27-2-1, 10 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi. Ammo Roman jangga 10 kun qolganida o'ng elkasidan jarohat olgani vaji bilan ringga chiqishdan bosh tortgandi.

Bosh sahifaga
244