O'zbekistonlik MMA jangchisi pichoqlanishi natijasida halok bo'ldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 524
Aralash jang san'ati ustasi o'zbekistonlik Muslimbek Omonov 10 sentyabrdan 11 sentyabrga o'tar kechasi vafot etdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, 11 sentbyarga o'tar kechasi tungi, taxminan 00:50larda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan kafelarning birida janjal chiqadi. Janjal guruh ko'rinishini oladi va ikkala tomon orani ochiq qilib olish uchun Shayhontohur tumanida belgilangan joyda mojaroni davom ettirishadi.
Janjalda uch nafar shaxs pichoqlanish natijasida jarohatlanadi. 23 yoshli sportchi Muslimbek Omonov esa shifokorlarning sa'y-harakatlariga qaramasdan, olgan jarohatlari sabab vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan og'ir jarohat etkazish) bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilgan. Bezorilikda ishtirok etgan barcha qo'lga olingan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.