O'zbekiston va Kuba boks federatsiyalari yaqindan hamkorlik qiladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 411

Xabaringiz bor, bugun Rossiyaning Ekaterinburg shahrida boks bo'yicha jahon chempionati start oladi. Shu munosabat bilan, O'zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati ham shu kunlarda Ekaterinburgda bo'lib turibdi. Federatsiya raisining birinchi o'rinbosari Saken Polatov Rossiyaga safari davomida jahonda o'z o'rniga ega bo'lgan Kuba boks federatsiyasining prezidenti Alberto Puig de la Barsa bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar boksni yanada rivojlantirish, do'stlik rishtalarini mustahkamlash, yaqindan hamkorlik qilish bo'yicha muzokaralar olib borishdi.
Kuba boks federatsiyasi prezidenti uchrashuv davomida O'zbekiston va Kuba boks derjavasi ekanligini, buni Rio Olimpiadasida qo'lga kiritilgan medallar ham isbotlab turganligini qayd etdi. Tomonlar bundan keyin muntazam ravishda qo'shma o'quv-mashg'ulot yig'inlari o'tkazishga kelishib olishdi.
Muzokaralar yakuniga ko'ra noyabr oyida, litsenzion musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko'rish maqsadida Kubada har ikki mamlakat terma jamoalari a'zolari ishtirokida qo'shma o'quv-mashg'ulot yig'inlari tashkil etiladi. O'z navbatida, kubalik charm qo'lqop ustalari ham yurtimizda yig'in o'tkazishadi.
Alberto Puig de la Barsa uchrashuv davomida bungacha ikki marotaba O'zbekistonga tashrif buyurganini, yurtimizning mehmondo'st mamlakat ekanligi haqida o'zining iliq fikrlarini bildirib o'tdi. O'zbekistonda sportga e'tibor kuchli ekanligi, ushbu yo'nalish shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoev nazoratida ekanligini ta'kidladi.
O'z navbatida, Saken Polatov Kuba boksiga hurmat kuchli ekanligini, ringda natija, qarama-qarshiliklar qanday bo'lishidan qat'i nazar federatsiyalar do'st bo'lib qolishi va bir-birini doimo qo'llab-quvvatlashi haqida gapirdi.
Qayd etish lozimki, ushbu uchrashuv har ikki mamlakat boksi rivoji yo'lida tashlangan muhim qadam bo'ldi. Mazkur hamkorlik orqali kelajakdagi yutuqlarga poydevor qo'yildi.

Bosh sahifaga
220