“Charm to'p-2019” bosh sovrini Toshkentda qoldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 553

Respublikamiz bo'ylab sog'lom turmush tarzi, jismoniy tarbiya va sport targ'iboti yo'lida bir qator samarali dasturlar shakllantirilgan bo'lib, ular yordamida aholining ko'plab qatlamini ommaviy sportga jalb etishga muvaffaq bo'linmoqda. Kecha poytaxtimizda an'anaviy “Charm to'p” musobaqasining Respublika final bosqichi o'z yakuniga etdi.
Yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan hal qiluvchi bosqichda eng kuchli ikki jamoa Navoiyning “Navbaxor” va Toshkentning “Iqbol” jamoalari mutlaq g'oliblik uchun maydonga tushishdi. Hal qiluvchi bahs poytaxtimizdagi muhtasham “Milliy” stadionida, dunyoning eng kuchli referilaridan biri Ravshan Ermatov hakamligida o'tgani musobaqaga bo'lgan e'tibor ne chog'lik katta ekanidan dalolat bermoqda. Final bellashuvini ramziy ochib berishda o'zbek futbolining afsonalari Birodar Abduraimov hamda To'lagan Isoqov ishtirok etishdi.
“Navbahor” va “Iqbol” jamoalari bahsi haqiqiy finallarga xos shiddatli tusda kechdi. Jamoalar har qancha harakat qilishmasin, 30 daqiqadan davom etgan ikki bo'limda raqib darvozasini ishg'ol qilish hech bir o'yinchiga nasib etmadi. “Futbol lotoreyasi”da esa omad poytaxt jamoasiga nasib etdi – 4:2. Shu tariqa Toshkent shahrining Bektemir tumanidan tashrif buyurgan “Iqbol” jamoasi “Charm to'p-2019” musobaqaning bosh sovrinini qo'lga kiritdi.
Tantanali taqdirlash marosimida Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiev, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti adminstratsiyasi mas'ul xodimi Shavkat Sultonov ham ishtirok etishdi.
G'olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi ham katta shodiyona ostida kechdi. Bo'limlar orasidagi tanaffus vaqtida va taqdirlash marosimi yakuniga etgach estradamizning taniqli yulduzlari o'z kuy-qo'shiqlari bilan mehmonlarga quvonch bag'ishladilar.

Bosh sahifaga
170