Lutfillaev va O'rozboev birinchi davradan muvaffaqiyatli o'tishdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 325
Yaponiyaning Tokio shahrida dzyudo bo'yicha jahon chempionati start oldi. Biroz avval -60 kilogramm vazn toifasida ikki nafar hamyurtimiz o'z bellashuvini o'tkazishdi.
Qur'aga ko'ra, ikkinchi davradan bellashuvga kirishgan Sharofiddin Lutfillaev Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog'i ostida qatnashayotgan Muhammad Rashnonezxadni, Diyorbek O'rozboev esa amerikalik Adonis Diasni qiyinchiliksiz mag'lub etdi. Uchinchi davrada endi Sharofiddinga quvaytlik Omar Alsufayri, Diyorbekka esa chexiyalik David Pulkrabek raqiblik qiladi.
E'tiborlisi, ayni paytda jahon reytingini boshqarib borayotgan va musobaqaning birinchi raqami ostida saralangan rossiyalik Robert Mshvidobadze kutilmaganda ikkinchi davrada Xitoy Taipeyi vakili Yung Vei Yangga mag'lub bo'lib, musobaqa bilan erta xayrlashdi. Qur'a natijasiga ko'ra mutaxassislar to'rtinchi davrada O'rozboev va Mshvidobadze juftligini taxmin qilishayotgan edi.
Kecha O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi va Yaponiyadagi O'zbekiston yoshlari Assotsiatsiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik bo'yicha memorandum imzolangani haqida ma'lum qilgan edik. Ayni paytda bellashuvlar o'tayotgan «Nippon Budokan» arenasida ko'p sonli yoshlarimiz o'zbekistonlik dzyudochilarni qo'llab-quvvatlash uchun jam bo'lishgan.